Jahon banki vakillari O‘zbekistonda o‘rmon landshaftlarini tiklash loyihasi ijrosi bilan tanishdi
2026-03-12 15:30:00 / Yangiliklar

Xorijlik ekspertlar dastlab Qashqadaryo viloyatida bu borada olib borilayotgan ishlar bilan tanishishdi.
Loyiha doirasida rejaga ko‘ra, viloyatdagi Qashqadaryo, Qumdaryo, Kitob, Dehqonobod, Qamashi, Yakkabog‘ va Shahrisabz davlat o‘rmon xo‘jaliklari hududida jami 9 ming gektar maydonda yaylovlarni qayta tiklash, 4 ming 900 gektarda suvni tejash va tog‘li o‘rmonlarda tuproq eroziyasiga qarshi kurashish, 42 ming 860 gektarda o‘rmonlarning tabiiy tiklanishiga ko‘maklashish, 3 ming 100 gektarda agroo‘rmonchilik, 950 gektarda sanoatbop o‘rmonzorlar tashkil etish hamda 820 gektarda dorivor o‘simliklar plantatsiyasini barpo etish ishlari amalga oshiriladi.
Bugungi kunda ushbu o‘rmon xo‘jaliklarida jami 468 gektarda “terassa” olish, 2 ming 500 gektarda suvni tejash va tog‘li o‘rmonlarda tuproq eroziyasiga qarshi kurashish hamda 4 ming 500 gektarda yaylovlarni qayta tiklash maqsadida setka tortish ishlari bajarilgan.
A.Asferacheyu mutaxassislarga tadbirlarni o‘z vaqtida tashkil etish, agrotexnik qoidalariga rioya qilish, daraxt va bo‘ta ko‘chatlarini belgilangan me’yorlarda parvarishlash kabi masalalar bo‘yicha tavsiyalar berdi.
Shuningdek, Jahon banki vakillari Samarqand va Jizzax viloyatlarida ham bo‘lishib, loyiha doirasida o‘rmon xo‘jaligi sohasini barqaror rivojlantirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishishdi.






