Farg‘onada ehtiyojmand oilalar daromadi yanada oshirilmoqda
2026-02-23 13:55:00 / Yangiliklar
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 18-dekabrdagi 798-son qarori ijrosini ta’minlash maqsadida O‘rmon agentligi huzuridagi Farg‘ona davlat o‘rmon xo‘jaligi tomonidan o‘rmon fondi yerlaridan samarali foydalanish bo‘yicha amaliy ishlar olib borilmoqda.

Xususan, Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalar daromadini oshirish, ularning bandligini ta’minlash maqsadida xo‘jalikning Shohimardonobod bo‘limida tut plantatsiyalari barpo etildi. Umumiy maydoni 6 gektarni tashkil etadigan plantatsiyaga tut ko‘chatlari o‘rmon xo‘jaligi ishchilari tomonidan ekilib, belgilangan agrotexnik tadbirlar amalga oshirildi.
Tutzor yerlar parvarish qilish uchun ehtiyojmand oilalarga imtiyozli shartlarda bo‘lib berildi. Endilikda tut qator oralariga daromadli qishloq xo‘jaligi ekinlari ekilishi rejalashtirilmoqda.
Buning natijasida ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar uchun qo‘shimcha daromad olish manbasi yaratiladi.






