Dorivor o‘simliklar to‘g‘risidagi parlament so‘rovi natijalari ko‘rib chiqildi
2026-02-06 17:20:00 / Majlislar

Ta’kidlanganidek, parlament so‘rovida bildirilgan masalalar bo‘yicha muayyan ishlar amalga oshirilgan. Xususan, istiqbolli xomashyobop o‘simliklarning zaxiralarini aniqlash hamda muhofaza etiladigan tabiiy hududlarning flora turlari tarkibini inventarizatsiya qilish bo‘yicha tadqiqotlar olib borilgan.
34 turdagi dorivor va oziq-ovqatbop o‘simliklarni parvarish qilish va mahsulot yetishtirish bo‘yicha namunaviy texnologik xaritalar ishlab chiqilgan.
O‘rmon xo‘jaliklari hamda tadbirkorlik subyektlari ishtirokida kooperatsiya usulida dorivor va oziq-ovqatbop o‘simliklar yetishtirish, tayyorlash va qayta ishlash yo‘lga qo‘yilgan.
O‘rmon xo‘jaliklarining 5,9 ming gektar yer maydonida dorivor va oziq-ovqatbop o‘simliklar plantatsiyalari barpo etilgan.
Tabiiy holda o‘suvchi yovvoyi o‘simliklarning dorivor, oziq-ovqatbop va texnik turlarini yetishtirish bo‘yicha 114 ta tadbirkorlik subyekti tomonidan 28,2 ming gektar maydonda pitomnik va plantatsiyalar yaratilgan.
Shu bilan birga, senatorlar tomonidan dorivor o‘simliklar xomashyosi va ulardan olinadigan mahsulotlarni sertifikatlash va standartlashtirish laboratoriyasi hamda yuqori avlodli dorivor o‘simliklarning seleksion navlarini yetishtiruvchi elita urug‘chilik xo‘jaliklarini tashkil etish ishlarini jadallashtirish lozimligi ta’kidlandi.
Dorivor o‘simliklarning yovvoyi turlaridan madaniy seleksion nav va duragaylarga o‘tish, madaniy plantatsiyalarni kengaytirish zarurligi yuzasidan fikrlar bildirildi.
Muhokama yakunida Senatning tegishli qarori qabul qilindi.



