Termiz tumanida 10 gektar tutzor aholiga bo‘lib berildi
2026-02-04 11:55:00 / Yangiliklar

Shu maqsadda Termiz tumani Sabzipoya mahallasida tadbir tashkil etildi. Tadbirda Ekologiya qo'mitasi huzuridagi O‘rmon agentligi direktori Erkin Muhiddinov, Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov, ehtiyojmand oilalar vakillari hamda tegishli tashkilotlar mas'ullari ishtirok etdi.
Viloyat rahbari ushbu loyihaning asosiy maqsadi tutzor barpo etish va uning qator oralaridan samarali foydalangan holda aholini barqaror daromad manbai bilan ta’minlash ekanligini ta’kidlab, ajratilgan yer maydonlaridan oqilona foydalanish bo‘yicha zarur tavsiyalar berdi.
Agentlik direktori Erkin Muhiddinov loyiha doirasida o‘rmon fondiga qarashli 10 gektar maydonda 30 ming tup tut ko‘chati ekilishi, tut qator oralaridan samarali foydalanish maqsadida 20 ta oilaning har biri 50 sotixdan yer maydoni ajratilayotganligi hududda aholi daromadlari ortishiga sabab bo'lishi barobarida iqlim o'zgarishlari oqibatlarini bir qadar yumshatishiga xizmat qilishini ta'kidladi.
Ma'lumot o'rnida, ushbu yer maydonida yeryong‘oq, poliz mahsulotlari, piyoz va kartoshka kabi daromadli qishloq xo‘jaligi tovarlari yetishtirilib, yiliga o‘rtacha 50–60 million so‘mgacha qo‘shimcha daromad olish imkoniyati yaratiladi. Buning uchun har bir oilaga ekin urug‘lari uchun subsidiyalar ajratish, tajribali dehqonlarni biriktirish orqali ekinlarni parvarishlash bo‘yicha amaliy ko‘nikmalar berish belgilandi.
Tadbir yakunida Agentlik direktori va viloyat hokimi tomonidan tut ko‘chatlari ekilib, loyihaga start berildi.








