Uglerod kreditlarini yaratishda xalqaro hamkorlik yanada kengaymoqda
2026-01-30 13:45:00 / Yangiliklar

Tadbirda O‘rmon agentligi mas’ullari, O‘zgidromet agentligi, O‘zbekgidrogeologiya DM, “Yashilloyiha” loyihalash instituti hamda Tuproqshunoslik va agrokimyoviy tadqiqotlar instituti vakillari ishtirok etdi.
Muzokaralar davomida hamkorlik istiqbollari, cho‘l va qurg‘oqchil hududlarda o‘rmon xo‘jaligini yuritish, tiklash va barqaror foydalanish borasidagi masalalar muhokama qilindi.
Erkin Muhiddinov atmosferada zararli uglerodlar miqdorini kamaytirish, barqaror uglerod kreditlarini yaratish hajmini ko‘paytirish yuzasidan kelgusida qilinishi lozim bo‘lgan ishlar haqida taklif va tavsiyalarini bildirdi.
Suv resurslaridan oqilona foydalanish, degradatsiyaga uchragan yerlarni tiklash, tuproq sho‘rlanishining oldini olish va ekotizimlarni mustahkamlash O‘zbekistonda ustuvor vazifalar etib belgilanganligi qayd etildi.
Tomonlar hamkorlikdagi loyihalarni amalga oshirish ishlarini tizimli tashkil etish, jarayonlarga soha mutaxassislarini jalb qilish hamda iqlimni moliyalashtirish imkoniyatlaridan unumli foydalanish kabi muhim masalalarni ilgari surishdi.
Yakunda mehmonlar ekologik barqarorlikka erishish hamda havo tozaligini yaxshilashga qaratilgan hamkorlikni mustahkamlashga tayyor ekanligini bildirishdi.




