Respublikaning 3 ta hududida yangi o‘rmon xo‘jaliklari tashkil etilmoqda
2025-12-24 11:35:00 / Yangiliklar

Ushbu qarorga asosan respublikada o‘rmonlar hududini kengaytirish, ulardan samarali foydalanish va cho‘llanishga qarshi tizimli kurashish maqsadida Samarqand viloyatining Bulung‘ur, Farg‘ona viloyatining So‘x tumanlari va Toshkent shahrida yangi hududiy davlat o‘rmon xo‘jaliklari tashkil etiladi.
Qarorga muvofiq, 2 oy muddatda Samarqand, Farg‘ona viloyatlari hamda Toshkent shahri hokimliklari Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi, Urbanizatsiya va uy-joy bozorini barqaror rivojlantirish milliy qo‘mitasi huzuridagi Kadastr agentligi bilan birgalikda qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarni o‘rmon fondi yerlari toifasiga o‘tkazish to‘g‘risida Hukumat komissiyasiga takliflar kiritadi.
Bulung‘ur, So‘x va Toshkent shahar davlat o‘rmon xo‘jaliklariga nazarda tutilgan yer uchastkalari doimiy foydalanish huquqi asosida ajratib beriladi.
Shuningdek, yangi o‘rmon xo‘jaliklari faoliyatini tashkil qilish bilan bog‘liq xarajatlar tegishli tartibda Samarqand, Farg‘ona viloyatlari hamda Toshkent shahri mahalliy budjetlari, budjetdan tashqari mablag‘lar hamda qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi.
Asosiysi, mamlakatimizda o‘rmon bilan qoplangan – yashil maydonlar yanada kengaytiriladi, buning natijasida respublika hududlarida ekologik barqarorlik muhiti ta’minlanadi va iqlim o‘zgarishlarining salbiy oqibatlarini yumshatishga erishiladi.



