Markaziy Osiyoda o‘rmon landshaftlarini tiklash masalalari muhokama qilindi
2025-12-10 15:11:00 / Yangiliklar

Tadbirda O‘rmon agentligi direktori Erkin Muhiddinov, Jahon bankining atrof-muhit muhofazasi bo‘yicha bosh mutaxassisi Abbate Asferacheyu, O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkmaniston va Tojikiston respublikalaridan o‘rmon xo‘jaligi sohasi ekspertlari, xalqaro tashkilotlar mas’ullari hamda OAV vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda Jahon banki tomonidan moliyalashtirilayotgan mintaqadagi ekotizimlarni tiklash bo‘yicha eng yirik tashabbus – Markaziy Osiyoning barqaror landshaftlarini tiklash dasturi (RESILAND CA+) loyihasi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar mintaqada iqlim barqarorligini ta’minlashga xizmat qilishi qayd etildi.
Markaziy Osiyo mamlakatlarida yerlarning degradatsiyaga uchrashi, o‘rmonlar hududining qisqarishi bir qator ekologik muammolarni keltirib chiqaradi. Bu muammo, ayniqsa, iqlim o‘zgarishi jarayonida ekologik va ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan sezilarli zarar yetkazadigan sel va suv toshqinlari sonini ko‘paytiradi. Shu sababli, Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasida ekologik va o‘rmon xo‘jaligi siyosatini uyg‘unlashtirish, resurslarni barqaror boshqarish hamda iqtisodiy-ijtimoiy va ekologik ustuvorlikni muvozanatlash uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega.
Ushbu xalqaro shartnomalar loyihalari muhofaza etiladigan tabiiy hududlarda turizm, bioxilma-xillikning inventarizatsiyasini o‘tkazish, transchegaraviy ekologik koridorni boshqarish, umumiy tabiiy hududlarda tabiatni muhofaza qilish tadbirlarini monitoring qilish, o‘rmon yong‘inlari haqida erta ogohlantirish tizimini yaratish, shuningdek, Qirg‘iz Respublikasi, Tojikiston va O‘zbekiston chegaralari tutashgan hududlarda “Tinchlik park”larini yaratish bilan bog‘liq. “Tinchlik park”lari ekotizimlarni saqlash, ekoturizmni rivojlantirish, tabiiy ofatlar xavfini kamaytirishga ko‘maklashish va chegara hududlari aholisi uchun iqtisodiy imkoniyatlar yaratishga mo‘ljallangan.
Mintaqaviy muloqot davomida Markaziy Osiyo davlatlari davlat organlari vakillari yuqorida qayd etilgan xalqaro shartnomalar loyihalarini ko‘rib chiqdilar.
Hozirgi kunda RESILAND CA+ dasturi Qirg‘iz Respublikasi, Tojikiston va O‘zbekistonda amalga oshirilmoqda. Ushbu dastur O‘zbekistonda 250 ming gektardan ortiq o‘rmon va yaylovlarni tiklashda yordam beradi. Ushbu loyiha 6 ta hudud – Namangan, Sirdaryo, Jizzax, Samarqand, Qashqadaryo va Surxondaryoda amalga oshirilmoqda.
Jumladan, landshaftlarni tiklashning 6 ta varianti ishlab chiqildi va ixtisoslashtirilgan pitomniklar tashkil etildi. 10 ming gektardan ziyod yaylov yerlarini terrasalash va ihotalash ishlari amalga oshirildi. Zomin milliy tabiat bog‘ida ekoturizmni rivojlantirish qo‘llab-quvvatlanmoqda. Bu yerda 30 nafar mahalliy aholi vakillari ish bilan ta’minlanadi. Ushbu chora-tadbirlar O‘zbekistonning 2018-yilgi Bonn chaqirig‘i doirasida belgilangan maqsadga erishishga — 2030 yilgacha degradatsiyaga uchragan 1 million gektar yerlarni qayta tiklashga yordam beradi.








