Parij shahrida Fransiya Milliy standartlashtirish tashkiloti (AFNOR) va Qonunchilik metrologiyasi xalqaro tashkiloti (OIML) vakillari bilan muhim uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi
2025-05-20 13:00:00 / Yangiliklar

Ma’lumot uchun: AFNOR Global Quality Infrastructure Index (GQII) reytingida 168 ta mamlakat ichida standartlashtirish yo‘nalishida 9-o‘rinni egallagan. Xalqaro standartlashtirish tashkilotida (ISO) 81 ta kotibiyatni boshqaradi, 650 ta texnik qo‘mita doimiy a’zosi (P-Member) va Xalqaro Elektrotexnika Komissiyasi (IEC)da 172 ta texnik qo‘mita doimiy a’zosi.
AFNOR vakillari bilan o‘tgan uchrashuvda savdodagi texnik to‘siqlarni bartaraf etish, milliy standartlarni xalqaro standartlar bilan uyg‘unlashtirish, Global sifat infratuzilmasi indeksi (GQII), xalqaro hamkorlik, axborot texnologiyalarini joriy etish, GSP+ dasturi, texnik qo‘mitalar va quyi texnik qo‘mitalar faoliyatini takomillashtirish, standartlashtirish va muvofiqlikni baholash sohasida kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish masalalariga e’tibor qaratildi.
AFNOR ko‘magi orqali O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lish jarayonida milliy qonunchilikni JST bitim, qoida va me’yorlariga muvofiqlashtirish, mutaxassislarining institutsional salohiyatini mustahkamlash, ularning savdodagi texnik to‘siqlar sohasidagi bilim va ko‘nikmalarini oshirishga kelishib olindi.
Doimiy hamkorlardan biri, Qonunchilik metrologiyasi xalqaro tashkiloti (OIML) bilan uchrashuvda istiqbolli rejalar, metrologiyaga oid faoliyat sohasidagi munosabatlarni tartibga solish masalalari muhokama qilindi.
Metrologiyaga oid faoliyatni xalqaro talablar asosida rivojlantirish shuningdek ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish hamda ularni ishlab chiqarish amaliyoti bilan integratsiya qilish, metrologiyaga oid faoliyat sohasidagi kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish, ilg‘or innovatsion va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari joriy etilishini rag‘batlantirish bo‘yicha fikr almashildi.
OIML tashkilotiga to‘laqonli a’zo bo‘lish (Full member) taklifi berildi. Uchrashuv yakunlari bo‘yicha AFNOR va OIML bilan sohaga oid barcha yo‘nalishlarida keng ko‘lamli hamkorlikni rivojlantirishga kelishib olindi.




