Chexiya standartlar, metrologiya va sinov idorasi (UNMZ) bilan muhim hujjat imzolandi
2025-03-19 11:15:00 / Yangiliklar

Tadbir doirasida O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi direktori Akmal Jumanazarov Chexiya standartlar, metrologiya va sinov idorasi (UNMZ) prezidenti Irji Kratoxvil bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuvda savdodagi texnik to‘siqlarni bartaraf etish, standartlarni va standartlashtirishga doir tegishli hujjatlarni ishlab chiqish, qabul qilish hamda qo‘llash, milliy standartlarni halqaro standartlar bilan uyg‘unlashtirish, shuningdek, standartlashtirish va metrologiya sohasidagi davlat nazorati va davlat siyosatini amalga oshirish, Global sifat infratuzilmasi indeksi (GQII)ga oid masalalar muhokama qilindi.
Bundan tashqari, standartlarning yagona axborot bazasini shakllantirish va yuritish, xalqaro hamkorlik, ISOlutions, markirovka CЕ, standartlashtirish bo‘yicha tegishli texnik qo‘mitalar va quyi texnik qo‘mitalar faoliyatini takomillashtirish, texnik jihatdan tartibga solish, standartlashtirish, sertifikatlashtirish hamda metrologiya sohasida kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish, Yevropa Ittifoqi grant va texnik ko‘magini olishga alohida e’tibor qaratildi.
Ma’lumot uchun: Chexiya standartlar, metrologiya va sinov idorasi (UNMZ) 1968-yilda tashkil topgan. Xalqaro standartlashtirish tashkiloti (ISO), Xalqaro elektotexnika komissiyasi (IEC), Yevropa standartlashtirish tashkilotlari (CEN-CENELEC) va Qonunchilik metrologiyasi xalqaro tashkiloti (OILML) a’zosi.



