Agentlik vakili xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyada ishtirok etdi
2026-05-23 10:05:00 / Yangiliklar

✅ Rossiya Federatsiyasining Sankt-Peterburg shahrida “Kimyoviy mahsulotlar xavfsizligida xalqaro reglamentlarni qo‘llash” mavzusida XVIII xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.
✅ Mazkur nufuzli tadbirda 30 dan ortiq mamlakatlardan soha mutaxassislari, ilmiy tadqiqotchilar, ekspertlar hamda texnik jihatdan tartibga solish va sertifikatlashtirish sohasi vakillari ishtirok etdilar.
✅ Konferensiya doirasida kimyoviy mahsulotlar xavfsizligini ta’minlashda xalqaro reglamentlarni qo‘llashning ahamiyati, inson salomatligi va atrof-muhit muhofazasi, shuningdek, global savdo jarayonlarida yagona standartlarni joriy etish masalalari muhokama qilindi.
✅ Tadbirda quyidagi asosiy xalqaro tizim va reglamentlarga alohida e’tibor qaratildi:
— GHS — kimyoviy moddalarni tasniflash va markirovkalashning global uyg‘unlashtirilgan tizimi;
— REACH — Yevropa Ittifoqida kimyoviy moddalarni ro‘yxatdan o‘tkazish, baholash va nazorat qilish reglamenti;
— CLP — kimyoviy mahsulotlarni tasniflash, markirovkalash va qadoqlash bo‘yicha Yevropa Ittifoqi talablari;
— TSCA — AQSHning toksik moddalarni nazorat qilish to‘g‘risidagi qonuni.
Shuningdek, ishtirokchilar mamlakatlardagi amaldagi qonunchilik asosida texnik jihatdan tartibga solish, mahsulotlarni sertifikatlashtirish, kimyoviy mahsulotlarni import va eksport qilish jarayonlarida yuzaga kelayotgan muammolar hamda ularni bartaraf etish choralari yuzasidan fikr almashdilar.
✅ Xalqaro konferensiyada O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi vakili ham faol ishtirok etib, sohadagi islohotlar, xalqaro hamkorlik va zamonaviy yondashuvlar yuzasidan muloqotlarda qatnashdi.




