Raqamli texnik tartibga solish: yangi imkoniyatlar va innovatsion yechimlar
2026-05-22 11:00:00 / Yangiliklar

⛈ O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligining “Tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash klubi” doirasida “Axborot texnologiyalari” sohasida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar bilan ochiq muloqot bo‘lib o‘tmoqda.
⚡️ Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 16-fevraldagi PF–25-son Farmonida belgilangan texnik jihatdan tartibga solish sohasini raqamlashtirish, xalqaro standartlarni joriy etish hamda tadbirkorlar uchun qulay va shaffof tizim yaratish vazifalari ijrosi doirasida tashkil etildi.
Ochiq muloqotda sohada amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli raqamli islohotlar, axborot tizimlari va tadbirkorlar uchun yaratilgan elektron xizmatlar taqdimoti o‘tkazilmoqda.
Tadbir davomida “Texnik tartibga solish” milliy axborot tizimi — TRIS platformasining imkoniyatlari haqida batafsil ma’lumot berildi. Qayd etilganidek, bugungi kunda tris.uz elektron platformasi orqali standartlashtirish, sertifikatlashtirish, metrologiya, laboratoriya, akkreditatsiya va davlat nazorati jarayonlari to‘liq raqamlashtirilgan.
Xususan, tizim tarkibida sertifikatlashtirish, laboratoriya, metrologiya, standartlar fondi, standartlarni ishlab chiqish, nomuvofiq mahsulotlar reestri va xavfni tahlil qilish kabi 12 ta o‘zaro integratsiya qilingan modul faoliyat yuritmoqda.
Ta’kidlanganidek, bugungi kunda TRIS platformasiga 100 dan ortiq sertifikatlashtirish organlari, 400 dan ziyod sinov laboratoriyalari, 37 ta texnik qo‘mita hamda 4 500 nafardan ortiq soha xodimlari ulangan.
Shuningdek, tizim orqali 261 mingdan ortiq elektron ariza qabul qilinib, 1 milliondan ziyod sinov bayonnomalari hamda 187 mingta muvofiqlik sertifikatlari elektron shaklda rasmiylashtirilgani qayd etildi.
Ochiq muloqotda tadbirkorlarga muvofiqlik deklaratsiyasini onlayn rasmiylashtirish, sertifikat va sinov bayonnomalarini QR-kod orqali tekshirish, Telegram bot orqali sertifikat haqiqiyligini aniqlash, “AI-tarjimon” dasturi yordamida xalqaro standartlarni tezkor tarjima qilish kabi yangi raqamli imkoniyatlar taqdim etildi.
Bundan tashqari, sun’iy intellekt asosida standartlarni tahlil qilish va avtomatik tarjima qilish, kameral nazorat mexanizmini joriy etish hamda “Sifat bo‘yicha ko‘makchi” elektron platformasi orqali korxonalarga amaliy ko‘mak berish tizimlari haqida ham ma’lumot berilmoqda.
Tadbir doirasida “Nomuvofiq mahsulotlar reestri” axborot tizimi, xavf-xatarga asoslangan nazorat mexanizmi, xalqaro standartlarni raqamli shaklda qabul qilish jarayonlari hamda sohada joriy etilayotgan sun’iy intellekt texnologiyalari xususida fikr almashilmoqda.
Ochiq muloqot tadbirkorlar, IT-kompaniyalar, startaplar, sertifikatlashtirish organlari, laboratoriyalar hamda raqamli yechimlar ishlab chiquvchi mutaxassislar uchun samarali muloqot va hamkorlik maydoni bo‘lib xizmat qilmoqda.




