Sun’iy intellekt va axborot xavfsizligi masalalari xalqaro konferensiyada muhokama qilindi
2026-05-21 11:00:00 / Yangiliklar

💜 “Sun’iy intellekt va axborot xavfsizligi: ISO standartlari raqamlashtirish davrida” mavzusidagi xalqaro konferensiya Texnik jihatdan tartibga solish agentligi hamda Bureau Veritas (Fransiya) kompaniyasi hamkorligida tashkil etildi.
🌱 Konferensiyada O‘zbekiston Respublikasi vazirlik va idoralari, bank va sug‘urta tashkilotlari, O‘zbekiston hamda Tojikistonning yetakchi sanoat korxonalari, axborot xavfsizligi va sun’iy intellekt sohasidagi xalqaro va mahalliy ekspertlar, shuningdek ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
💛 Tadbir doirasida jadal raqamlashtirish jarayonlarida axborot xavfsizligini ta’minlash, kiberxatarlarni boshqarish, sun’iy intellektni samarali boshqarish hamda ISO xalqaro standartlarini joriy etish masalalari muhokama qilindi.
Ta’kidlanganidek, bugungi kunda O‘zbekistonda raqamlashtirish, axborot xavfsizligi va sun’iy intellektni boshqarish yo‘nalishlariga davlat siyosati darajasida alohida e’tibor qaratilmoqda. Shu bilan birga, Texnik jihatdan tartibga solish agentligi tomonidan ISO xalqaro standartlari asosida standartlashtirish va sertifikatlashtirish jarayonlarini raqamlashtirish hamda axborot xavfsizligini ta’minlash borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Konferensiyada Agentlik mas’ullari respublika korxonalarida axborot xavfsizligini ta’minlash istiqbollari, ushbu jarayonlarda sun’iy intellektdan foydalanish imkoniyatlari hamda Bureau Veritas bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berdilar.
Tadbir davomida sun’iy intellektdan foydalanish, kiberxavfsizlikni kuchaytirish, xalqaro standartlarni joriy etish hamda ushbu sohalar uchun malakali kadrlar tayyorlash masalalari yuzasidan muhim fikr va takliflar bildirildi.
Konferensiya yakunida ADM Jizzakh MChJ, EAST CAN SOLUTIONS XK MChJ, Samarqand avtomobil zavodi XK MChJ hamda IMPEX INSURANCE AJga ISO 9001:2015, ISO 14001:2015, ISO 45001:2015, ISO 50001:2018 hamda FSSC oziq-ovqat xavfsizligi tizimi bo‘yicha xalqaro sertifikatlar topshirildi.
💚 Mazkur konferensiya axborot xavfsizligi va sun’iy intellekt sohasidagi ilg‘or xalqaro tajribalarni muhokama qilish, tajriba almashish hamda ishbilarmonlik aloqalarini mustahkamlash uchun muhim professional muloqot maydoniga aylandi.



