YANGI O‘ZBEKISTON METROLOGIYASI: ANIQLIK, ISHONCH VA XALQARO E‛TIROF
2026-05-20 10:00:00 / Yangiliklar

Hurmatli hamkasblar, qadrli metrologlar!
Sizlarni kasb bayramingiz – Butunjahon metrologiya kuni munosabati bilan O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi jamoasi nomidan va shaxsan o‘z nomimdan samimiy muborakbod etaman. Metrologiya – bu nafaqat aniq o‘lchashlar tizimi, balki iqtisodiyot barqarorligi, sanoat raqobatbardoshligi, mahsulot sifati va aholi xavfsizligini ta‛minlaydigan muhim sohadir. Bugun kunda zamonaviy taraqqiyot drayveri hisoblangan fan, sanoat, energetika, tibbiyot, qurilish, savdo va raqamli texnologiyalar kabi yo‘nalishlarni metrologiyasiz tasavvur etib bo‘lmaydi.
So‘nggi yillarda mamlakatimizda texnik jihatdan tartibga solish va metrologiya sohasini xalqaro talablar asosida tubdan takomillashtirish bo‘yicha keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Davlatimiz rahbarining sohani rivojlantirishga qaratilgan qaror va tashabbuslari milliy sifat infratuzilmasini mutlaqo yangi bosqichga olib chiqmoqda.
Xususan, soha uchun haqiqiy burilish joriy yilning 16-fevral kuni qabul qilingan “Texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi islohotlarni ilg‘or xalqaro amaliyot asosida jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF–25-son Farmoni metrologiya tizimini modernizatsiya qilishda muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qilmoqda. Mazkur hujjat milliy mahsulot va xizmatlarning xalqaro bozorlardagi raqobatbardoshligini oshirish, o‘lchashlar aniqligi va ishonchliligini ta‛minlash hamda sifat infratuzilmasini yanada mustahkamlashga qaratilgan.
Bugungi kunda mamlakatimizda milliy standartlarni xalqaro talablar bilan uyg‘unlashtirish, akkreditatsiya tizimini takomillashtirish, zamonaviy laboratoriyalarni rivojlantirish va yangi davlat etalonlarini joriy etish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Joriy yilda soha infratuzilmasini rivojlantirish uchun ajratilgan mablag‘lar hisobidan yuqori aniqlikdagi yangi davlat etalonlarini xarid qilish va milliy kalibrlash imkoniyatlarini kengaytirish rejalashtirilgan.
Sohada milliy miqyosdagi islohotlar bilan bir qatorda xalqaro maydondagi o‘rnimiz ham sezilarli darajada o‘zgardi. Latviya, Koreya, Xitoy, Slovakiya davlatlarining sohaviy tizimlari, AQSHning USAID, Germaniyaning PTB, Koreyaning KOICA, Turkiyaning TIKA tashkilotlari, Xalqaro savdo markazi (ITC), Xalqaro Elektrotexnika Komissiyasi (IEC), Xalqaro standartlashtirish tashkiloti (ISO), Islom mamlakatlarining standartlar va metrologiya instituti (SMIIC) kabi nufuzli tashkilotlar bilan to‘laqonli hamkorlik yo‘lga qo‘yildi.
Metrologiya sohasini jahon talabidan kelib chiqib an’anaviy etalon foydalanuvchisidan – etalon ishlab chiqaruvchisi maqomiga transformatsiya qilish maqsadida 4 ta texnik yo‘nalishdagi oliy ta‛lim muassasalari bilan hamkorlikda 7 ta etalon va yuqori aniqlikdagi o‘lchash vositalarini yaratish ishlariga start berildi.
COOMET prezidentligi saylovi o‘tkazilib, tashkilot tarixida ilk bor COOMET prezidenti lavozimiga O‘zbekiston vakili, O‘zbekiston milliy metrologiya instituti direktori tasdiqlandi.
2026-yilda O‘zbekistonning Xalqaro tarozi va o‘lchovlar byurosiga (BIPM) to‘laqonli a‛zo bo‘lishi mamlakatimiz metrologiya tizimi tarixidagi muhim va salmoqli yutuqlardan biri bo‘ldi. Ushbu a‛zolik milliy o‘lchash natijalarining xalqaro miqyosda tan olinishi, milliy etalonlar salohiyatining oshishi hamda O‘zbekistonning global metrologiya hamjamiyatidagi o‘rnini mustahkamlashga xizmat qilishi shubhasiz.
O‘zMMI xalqaro integratsiyani jadallashtirish maqsadida, 2025-yil iyun oyidan Yevropa milliy metrologiya institutlari uyushmasi (EURAMET)ning Markaziy Osiyodagi yagona hamkor tashkiloti – Liaison Organisationning assotsiatsiyalashgan a‛zo maqomini oldi. Bu – mamlakatimiz metrologiyasining mintaqaviy yetakchi sifatidagi mavqeini yanada mustahkamladi.
O‘zbekiston Markaziy Osiyoda ikkinchi bo‘lib Vaqt va chastota xizmati muvofiqlashtirilgan universal vaqti UTCni shakllantirishda Xalqaro atom vaqti (TAI) guruhiga a‛zo bo‘ldi, natijada O‘zbekiston o‘zining milliy vaqt shkalasiga ega bo‘ldi.
Respublikada ilk bor 1 million dollar miqdoridagi metrologiya xizmatlari Tojikiston, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Turkmaniston, Qirg‘iziston davlatlariga eksport qilindi.
Yaqin davrda Global sifat infratuzilma indeksidagi milliy metrologiya yo‘nalishi ko‘rsatkichlari 72-o‘rindan 60-o‘ringa ko‘tarilаdi. 4 331 ta Xalqaro ISO, IEC, EN standartini qabul qilish orqali, uyg‘unlashish darajasi 30 foizdan 40 foizga yetkaziladi.
Shuningdek, Xalqaro qonunlashtiruvchi metrologiya tashkiloti hujjatlari asosida metrologik me‛yor va qoidalarni qabul qilish maqsadida 20 ta milliy standart ishlab chiqildi hamda joriy qilingan OIML hujjatlar soni 52 taga yetkazildi.
Shuningdek, Milliy etalonlar bazasi qo‘shimcha 13 ta etalonlarga kengaytirilib, etalonlar bazasi 42 taga yetkazildi. Milliy etalonlar bazasini qo‘shimcha 19 ta etalonga kengaytirish yuzasidan texnik topshiriqlar ishlab chiqildi va ilk bor kvant metrologiyasi faoliyatini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ishlarga start berildi.
Bugungi kunda O‘zbekistonda kvant metrologiyasini shakllantirish, zamonaviy etalonlarni yaratish va ilmiy-innovatsion faoliyatni rivojlantirish bo‘yicha ham muhim qadamlar qo‘yilmoqda. Metrologiya sohasida ilm-fan va innovatsiyalarni ishlab chiqarish bilan integratsiya qilish orqali yangi texnologik yo‘nalishlarni rivojlantirishga alohida e‛tibor qaratilmoqda.
Bundan tashqari, bugungi kunda mamlakatimiz Markaziy Osiyoda mintaqaviy metrologiya xabini shakllantirish yo‘lida izchil ishlarni amalga oshirmoqda. Sohadagi xalqaro e‛tirof etilgan CMC qatorlari soni 20 taga yetgani metrologik salohiyatimiz tobora ortib borayotganidan dalolat beradi. Endilikda qo‘shni davlatlarga ham metrologiya xizmatlarini ko‘rsatish yo‘lga qo‘yilgani mamlakatimizning mintaqada ushbu soha bo‘yicha yetakchi markazga aylanib borayotganini yaqqol namoyon etmoqda.
Bu esa mamlakatimizda amalga oshirilayotgan o‘lchash natijalarining xalqaro darajada tan olinishiga, eksport salohiyatining oshishiga va investorlar ishonchining mustahkamlanishiga xizmat qiladi.
Shu bilan birga, sohada jahon talablariga uyg‘un va hamohang ravishda raqamlashtirish jarayonlariga ham alohida e‛tibor qaratilmoqda. “Texnik jihatdan tartibga solish” milliy axborot tizimi orqali metrologik xizmatlar, kalibrlash va attestatsiya jarayonlarini elektron shaklga o‘tkazish ishlari bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda. Bu esa shaffoflikni ta‛minlash, inson omilini qisqartirish va tadbirkorlar uchun qulaylik yaratishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Bugun O‘zbekiston milliy metrologiya instituti va uning hududiy filiallari tomonidan o‘lchashlar birligini ta‛minlash, xalqaro standartlarga mos laboratoriyalar faoliyatini yo‘lga qo‘yish, milliy etalonlar bazasini kengaytirish hamda yuqori malakali kadrlar tayyorlash bo‘yicha salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda.
Albatta, bu yutuqlar zamirida o‘z kasbiga sadoqatli, chuqur bilim va tajribaga ega metrologlar mehnati mujassam. Sizlarning fidokorona mehnatingiz tufayli iqtisodiyot tarmoqlarida aniqlik, ishonch va sifat ta‛minlanmoqda.
Qadrli soha xodimlari!
Sizlarga mustahkam sog‘liq, oilaviy baxt-saodat, mas’uliyatli va sharafli faoliyatingizda ulkan zafarlar va yangi muvaffaqiyatlar tilayman. Ilmiy va amaliy faoliyatingiz samarasi mamlakatimiz taraqqiyoti, xalqimiz farovonligi va milliy iqtisodiyotimiz raqobatbardoshligini oshirish yo‘lida doimo zalvorli bo‘lsin.
Ishonchim komilki, milliy metrologiya sohasi oldiga qo‘yilgan barcha maqsadlar ro‘yobi va mas’uliyatli vazifalar ijrosini birgalikda, havas qilishga arzigulik natijadorlik bilan amalga oshiriladi, yuksak marralar zabt etiladi, bu ishonchning asosi – sizlar metrologiya sohasini fidoyi professionallari, sizlarning bilim va tajribalaringiz. Butunjahon metrologiya kuni muborak bo‘lsin!
Jumanazarov Akmal Ruzikulovich
O‘zbekiston texnik jihatdan
tartibga solish agentligi direktori, PhD
