“Milliy sanoat zanjiri” ko‘rgazmasida yoshlar bilan ochiq muloqot
2026-05-14 17:00:00 / Yangiliklar

🔘 Joriy yilning 14–15-may kunlari Toshkent viloyati Ohangaron shahrida “Milliy sanoat zanjiri” sanoat ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tmoqda. Mazkur ko‘rgazma doirasida tog‘-kon sanoati, metallurgiya va geologiya sohalariga oid yuqori texnologik mahsulotlar, innovatsion sanoat startaplari, ilmiy ishlanmalar hamda istiqbolli loyihalar namoyish etilmoqda.
🔘 Ko‘rgazmaning asosiy maqsadi mahalliy mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish, sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish, xususiy sektor va yirik sanoat korxonalari o‘rtasida mustahkam hamkorlik zanjirini shakllantirish, tadbirkorlarni davlat xaridlariga keng jalb etish hamda import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarishni qo‘llab-quvvatlashdan iborat.
🔘 Tadbirda Texnik jihatdan tartibga solish agentligi vakillari ham faol ishtirok etdi. Agentlik direktori A. Jumanazarov ko‘rgazma doirasida MISiS Fan va texnologiyalar universitetining Olmaliqdagi filiali — Moskva po‘lat va qotishmalar instituti talabalari bilan uchrashuv o‘tkazdi.
🔘 Uchrashuv davomida yoshlarning ilm-fanga qiziqishi, innovatsion g‘oyalari, istiqbolli loyihalari hamda zamonaviy texnologiyalar bo‘yicha fikr almashildi. Shuningdek, sanoat va ta’lim integratsiyasini kuchaytirish, yoshlarni ilmiy faoliyatga keng jalb etish va ularning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash masalalari muhokama qilindi.
🔘 Samimiy va ochiq muloqot ruhida o‘tgan uchrashuv yoshlarning bilim va salohiyatini yuksaltirish, ularni zamonaviy sanoat jarayonlariga keng jalb etish hamda innovatsion fikrlashni rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etdi.



