Moskva shahrida SHHTga a’zo davlatlarning standartlashtirish sohasidagi hamkorlik yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi
2026-05-14 12:00:00 / Yangiliklar

🔵O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi vakillari Moskva shahrida bo‘lib o‘tgan Shanxay hamkorlik tashkilotiga (SHHT) a’zo davlatlarning standartlashtirish sohasidagi hamkorlik yig‘ilishida ishtirok etdi.
🔴Yig‘ilish davomida savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish SHHT faoliyatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekani alohida ta’kidlandi. Shu bilan birga, ko‘p tomonlama amaliy hamkorlikni yanada faollashtirish, texnik jihatdan tartibga solish tizimlarini o‘zaro yaqinlashtirish hamda notarif to‘siqlarni bosqichma-bosqich bartaraf etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
🟢Tadbir kun tartibidan standartlashtirish sohasiga zamonaviy axborot texnologiyalari va sun’iy intellekt yechimlarini joriy etish, mahsulotlar sifati va xavfsizligini ta’minlashda bozor nazoratini takomillashtirish, kadrlarni qayta tayyorlash hamda ularning malakasini oshirish masalalari ham muhim o‘rin oldi.
🟡O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi vakillari tomonidan SHHTga a’zo davlatlar bilan texnik jihatdan tartibga solish va standartlashtirish yo‘nalishida ko‘p qirrali amaliy hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan qator taklif va tashabbuslar ilgari surildi.
🟤Tadbir yakunlari bo‘yicha SHHTga a’zo davlatlar o‘rtasida texnik jihatdan tartibga solish va standartlashtirish tizimini yanada rivojlantirish hamda hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan “yo‘l xaritasi” ishlab chiqildi.
🩷Shuningdek, tadbir doirasida Rossiya, Qozog‘iston, Xitoy va Qirg‘iziston delegatsiyalari vakillari bilan ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazilib, istiqboldagi hamkorlik yo‘nalishlari yuzasidan fikr almashildi.





