WRAP sertifikati — AQSH bozoriga chiqishdagi muhim omil
2026-05-10 10:00:00 / Yangiliklar

O‘zbekiston Texnik jihatdan tartibga solish agentligi hamda AQSHning WRAP sertifikatlashtirish tizimi tashkiloti hamkorligida respublikadagi to‘qimachilik sanoati korxonalari uchun onlayn trening-seminar tashkil etildi.
Mazkur seminar eksport faoliyatini kengaytirish, xalqaro bozorlarga chiqishda talab etiladigan standartlar bilan tanishtirish hamda WRAP sertifikatini olish tartiblari yuzasidan korxonalarning xabardorligini oshirishga qaratildi.
Seminar davomida WRAP (Worldwide Responsible Accredited Production) sertifikatining mazmun-mohiyati, uning xalqaro savdodagi o‘rni va ishlab chiqarish jarayonlarida ijtimoiy hamda ekologik me’yorlarga rioya etishdagi ahamiyati haqida batafsil ma’lumotlar berildi.
Ta’kidlanganidek, WRAP — ishlab chiqarishning xavfsiz, qonuniy, insonparvar va etik tamoyillar asosida tashkil etilganini tasdiqlovchi mustaqil xalqaro sertifikatlashtirish tizimi hisoblanadi. Mazkur sertifikat, ayniqsa, kiyim-kechak, poyabzal va tikuv-trikotaj mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxonalar uchun muhim xalqaro talab sifatida e’tirof etiladi.
WRAP sertifikatlashtirish tizimi vakili Hong Mei xonim o‘z chiqishida WRAP sertifikati AQSH va Yevropa bozorlariga kirishda muhim omil ekanini qayd etdi. Uning ta’kidlashicha, ko‘plab yirik xalqaro brendlar aynan WRAP sertifikatiga ega korxonalar bilan hamkorlik qiladi.
Seminar davomida eksport jarayonlari, AQSH bozoriga kirishdagi talablar, sertifikatlashtirish bosqichlari hamda amaliy tajribalar yuzasidan batafsil tushuntirishlar berildi.
Shuningdek, mahalliy to‘qimachilik va yengil sanoat korxonalarining bugungi faoliyati, sohaga oid mavjud muammolar hamda ularni bartaraf etish bo‘yicha rejalashtirilayotgan chora-tadbirlar muhokama qilindi. Tadbir yakunida ishtirokchilar tomonidan bildirilgan taklif va mulohazalar yuzasidan fikr almashildi.



