Yoshlar bilan ochiq muloqot: hamkorlik va ta’limni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi
2026-04-30 14:00:00 / Yangiliklar

O‘zbekiston texnik tartibga solish agentligi direktori Akmal Jumanazarov Turin politexnika universiteti talabalari bilan uchrashuv o‘tkazdi. Mazkur tadbir yoshlar bilan ochiq muloqot qilish, ularning fikr va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash hamda sohadagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga qaratildi.
Uchrashuv davomida ta’lim va ishlab chiqarish integratsiyasini kuchaytirish, zamonaviy talablarga javob beradigan malakali kadrlar tayyorlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Xususan, dual ta’lim tizimini joriy etish orqali talabalarning nazariy bilimlarini amaliy ko‘nikmalar bilan mustahkamlash, ularni ishlab chiqarish jarayonlariga erta bosqichdan jalb qilish imkoniyatlari atroflicha muhokama qilindi.
Shuningdek, ilmiy-tadqiqot yo‘nalishida hamkorlikni kengaytirish, talabalar va yosh olimlarning innovatsion loyihalarini qo‘llab-quvvatlash, ularni amaliyotga tatbiq etish mexanizmlarini takomillashtirish masalalari ko‘rib chiqildi. Agentlik tomonidan sohada amalga oshirilayotgan islohotlar, texnik jihatdan tartibga solish tizimini takomillashtirish bo‘yicha ishlar haqida ma’lumot berildi.
Uchrashuvning faol qismi savol-javoblarga bag‘ishlandi. Talabalar ta’lim jarayoni, kelgusida ish bilan ta’minlanish imkoniyatlari, amaliyot o‘tash tartibi hamda ilmiy faoliyatni rivojlantirishga oid savollar bilan murojaat qilishdi. Akmal Jumanazarov har bir savolga batafsil javob berib, yoshlarning taklif va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanini ta’kidladi.
Uchrashuv yakunida tomonlar o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash, yoshlarning salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun yangi imkoniyatlar yaratishga kelishib olindi. Tadbir ochiq, samimiy va konstruktiv ruhda o‘tdi.




