Tashqi savdoda notarif choralar muhokama qilindi
2026-04-25 10:00:00 / Yangiliklar

🔴 O‘zbekiston Respublikasi Bojxona institutida “Tashqi savdoda notarif choralar: ichki bozor himoyasi va bojxona tartibotlarini soddalashtirish o‘rtasidagi muvozanat” mavzusida respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.
🚫 Anjumanda Bojxona va Ekologiya qo‘mitalari, Qishloq xo‘jaligi va Adliya vazirliklari, shuningdek, Texnik jihatdan tartibga solish agentligi hamda oliy ta’lim muassasalari vakillari ishtirok etdi.
🔴 Mutaxassislar globallashuv sharoitida ichki bozorni sifatsiz mahsulotlardan himoya qilish bilan birga, tadbirkorlar uchun qulay biznes muhitini yaratish muhimligini ta’kidladi.
Qayd etilishicha, amalga oshirilgan islohotlar natijasida bojxona deklaratsiyalarini rasmiylashtirish muddati eksportda 1,7 barobar, importda esa 1,4 barobar qisqargan.
🔴 Tadbirda xalqaro standartlar asosida vakolatlarni aniq belgilash, sanitariya va fitosanitariya xulosalarini yagona hujjat shaklida rasmiylashtirish, muvofiqlikni baholash tizimini soddalashtirish, shuningdek, bozor nazorati va raqamlashtirish masalalari muhokama qilindi.
🔴 Yakunida sohani liberallashtirish va notarif cheklovlarni optimallashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqilib, tegishli idoralarga taqdim etilishi belgilandi.



