Yoshlar – kelajagimiz tayanchi va taraqqiyot kuchi
2026-04-23 14:05:00 / Yangiliklar

Bugun O‘zbekiston akkreditatsiya markazida yoshlar bilan ochiq va samimiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Mazkur uchrashuvda Agentlik direktori A. Jumanazarov Markaz yosh kadrlarini tizimning eng muhim va qimmatli resursi sifatida e’tirof etdi.
Ta’kidlanganidek, Markazda 60 dan ortiq xodim faoliyat yuritadi, shundan 20 nafarga yaqini 35 yoshgacha bo‘lgan mutaxassislardir. Ilmiy salohiyat ham yuksalib borayotgan bo‘lib, 3 nafar xodim fan nomzodi, 5 nafari esa mustaqil ilmiy tadqiqotchi sifatida faoliyat olib bormoqda.
Uchrashuv davomida yoshlarni qiziqtirayotgan va o‘ylantirayotgan masalalar ham ochiq muhokama qilindi. Xususan, yosh oilalar uchun uy-joy imkoniyatlarini kengaytirish, qisqa muddatli xorijiy ta’lim dasturlarini yo‘lga qo‘yish, yoshlarning ilm-fan va sport bilan shug‘ullanishlari uchun yanada keng sharoitlar yaratish yuzasidan takliflar bildirildi.




