Sanoat korxonalari faoliyati o‘rganildi va amaliy yordam ko‘rsatildi
2026-04-22 11:00:00 / Yangiliklar

🔵 Texnik tartibga solish agentligi direktori o‘rinbosari J. Shakarov Andijon viloyatida faoliyat yuritayotgan “Alcopon standart trade” MChJ korxonasiga tashrif buyurib, uning ishlab chiqarish jarayonlari bilan yaqindan tanishdi.
🔴 Uchrashuv doirasida korxonada alyumin kompozit panellar ishlab chiqarish jarayonlari bevosita ko‘zdan kechirilib, mahsulotlar sifati hamda ularning amaldagi texnik talablarga muvofiqligi tahlil qilindi. Shuningdek, korxona rahbariyati va mas’ul mutaxassislari bilan uchrashuv o‘tkazilib, ishlab chiqarish samaradorligini oshirish, mahsulotlar sifatini xalqaro standartlar darajasiga olib chiqish masalalari muhokama qilindi.
🟢 Muloqot chog‘ida korxona vakillariga mahsulot va jarayonlarni xalqaro standartlarga moslashtirish, eksport salohiyatini oshirish, shuningdek, ishlab chiqarishda zamonaviy sifat boshqaruv tizimlarini joriy etish bo‘yicha amaliy tavsiyalar berildi.
🟤 Shu bilan birga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026 yil 16 fevraldagi PF–25-son Farmoni mazmun-mohiyati, uning doirasida amalga oshirilayotgan islohotlar va tadbirkorlik subyektlari uchun yaratilayotgan imkoniyatlar atroflicha tushuntirildi. Xususan, korxonalarni qo‘llab-quvvatlash, ularning xalqaro bozorlarga chiqishini rag‘batlantirish, sifat infratuzilmasi talablariga muvofiq faoliyat yuritish va CE markirovkasini joriy etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
🟡 Uchrashuv yakunida sanoat korxonalari bilan hamkorlikni yanada rivojlantirish, ularga doimiy ravishda amaliy va uslubiy ko‘mak ko‘rsatishni davom ettirish yuzasidan kelishuvga erishildi.


