Tadbirkorlar va ishlab chiqaruvchilar ishtirokida ochiq muloqot o‘tkazilmoqda
2026-04-18 10:10:00 / Yangiliklar

✅ O‘zbekistonda texnik tartibga solish sohasini isloh qilish doirasida tadbirkorlar va ishlab chiqaruvchilar ishtirokida ochiq muloqot tashkil etilmoqda. Unda sohada amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli o‘zgarishlar, yaratilayotgan imkoniyatlar hamda joriy etilayotgan yangi mexanizmlar yuzasidan batafsil ma’lumotlar taqdim etilmoqda.
✅ Ma’lum qilinishicha, globallashuv sharoitida texnik tartibga solish tizimini zamonaviy talablarga moslashtirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026 yil 16 fevraldagi PF–25-son Farmoni qabul qilingan. Shuningdek, 2026 yil 12 fevral kuni o‘tkazilgan taqdimot yakunlariga muvofiq, Texnik jihatdan tartibga solish agentligi huzurida Tadbirkorlar klubini tashkil etish taklifi berilgan.
✅ Mazkur klub doirasida tadbirkorlar bilan doimiy va samarali muloqotni yo‘lga qo‘yish, mavjud muammolarni tizimli hal etish, shuningdek, sohada amalga oshirilayotgan islohotlar bo‘yicha fikr va takliflarni muntazam muhokama qilish nazarda tutilmoqda.
✅ Qabul qilingan hujjatga muvofiq, sohada tadbirkorlar, ishlab chiqaruvchilar va aholi uchun qator yengilliklar joriy etilmoqda. Jumladan, 2026 yil 1 apreldan boshlab xorijiy, eksport bozorlarida talab etiladigan standartlar asosida muvofiqlikni baholashga ruxsat berildi. Bu esa mahalliy ishlab chiqaruvchilar uchun tashqi bozorlarga chiqish imkoniyatlarini yanada kengaytirmoqda.
✅ Shu bilan birga, sohada davlat ishtirokini qisqartirish va xususiy sektor imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Davlat tashkilotlarida sifat menejeri lavozimlari joriy etilmoqda hamda “Sifat bo‘yicha ko‘makchi” elektron platformasi ishga tushirilgan. Mutaxassislar tayyorlash tizimi ham liberallashtirilmoqda.
✅ 2026 yil 1 maydan boshlab standartlarning majburiyligi bekor qilinib, ular ixtiyoriy tartibga o‘tkaziladi. Shuningdek, xalqaro standartlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri qo‘llash amaliyoti joriy etiladi.
✅ Kelgusidagi rejalarga ko‘ra, 2027 yil 1 yanvardan “Milliy muvofiqlik belgisi” — Conformity Uzbekistan joriy etiladi. Muvofiqlikni baholash tizimi xavf-xatarlarga asoslangan yondashuvga o‘tkazilib, sun’iy intellekt orqali standartlarning sanoatga ta’sirini baholash mexanizmi yo‘lga qo‘yiladi. Metrologiya sohasida esa qiyoslashdan kalibrlash va verifikatsiya tizimiga bosqichma-bosqich o‘tish rejalashtirilgan.
✅ Shuningdek, 2026–2028 yillar davomida 7 865 ta xalqaro standartni qabul qilish rejalashtirilgan. Majburiy sertifikatlash tizimi bosqichma-bosqich bekor qilinib, deklaratsiyalash amaliyotiga o‘tish nazarda tutilgan. Bozor nazorati esa xalqaro talablar asosida takomillashtirilmoqda.
✅ Raqamlashtirish yo‘nalishida “Texnik tartibga solish” milliy axborot tizimi (tris.uz) orqali standartlashtirish, metrologiya, sertifikatlash va akkreditatsiya jarayonlari to‘liq raqamlashtirilmoqda. Bu esa xizmatlarni tezkor, shaffof va qulay shaklda ko‘rsatish imkonini bermoqda.
✅ Qayd etilishicha, amalga oshirilayotgan mazkur islohotlar mamlakatda sifat infratuzilmasini yanada rivojlantirish, mahsulotlar raqobatbardoshligini oshirish hamda xalqaro bozorlarga chiqish imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qilmoqda.





