Ta’lim va amaliyot integratsiyasi yo‘lida muhim qadam
2026-04-17 11:00:00 / Yangiliklar

✅ O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 16-fevraldagi PF-25-son Farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida Texnik jihatdan tartibga solish agentligi hamda uning tizim tashkilotlari tomonidan oliy ta’lim muassasalari bilan qo‘shma ta’lim dasturlarini joriy etish va dual ta’lim tizimini rivojlantirish bo‘yicha izchil ishlar amalga oshirilmoqda.
✅ Shu doirada O‘zbekiston Standartlar institutida Millat Umidi universiteti vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda Agentlik direktori maslahatchisi N. Mamadaliyeva ishtirok etdi.
✅ Uchrashuv davomida universitet professor-o‘qituvchilarining institutda sohaviy malakasini oshirish, standartlashtirish, metrologiya va texnik jihatdan tartibga solish yo‘nalishlarida hamkorlikda ilmiy hamda o‘quv adabiyotlarini yaratish masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, sohaga sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etishga alohida e’tibor qaratildi.
✅ Tomonlar bakalavr va magistratura talabalari uchun dual ta’lim tizimini yo‘lga qo‘yish, ularning institutda amaliyot o‘tashi, professor-o‘qituvchilarni texnik qo‘mitalar faoliyatiga keng jalb etish bo‘yicha kelishuvga erishdilar.
✅ Memorandum doirasida Millat Umidi universitetining innovatsion laboratoriyalari bilan hamkorlik qilish, zamonaviy laboratoriyalar tashkil etish va qo‘shma ilmiy loyihalarni amalga oshirish rejalashtirilgan.
✅ Mazkur hamkorlik mamlakatimizda standartlashtirish va metrologiya sohalari uchun raqobatbardosh kadrlar tayyorlashga xizmat qiladi.
✅ Uchrashuv yakunida O‘zbekiston Standartlar instituti va Millat Umidi universiteti o‘rtasida o‘zaro hamkorlikni yanada mustahkamlashga qaratilgan hamkorlik memorandumi imzolandi.


