Agentlik vakillari Anqara shahrida malaka oshirish kursida ishtirok etmoqda
2026-04-03 10:05:00 / Yangiliklar

O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi (O‘ZTTSA) hamda Turkiya hamkorlik va muvofiqlashtirish agentligi (TİKA)ning O‘zbekistondagi vakolatxonasi o‘rtasida erishilgan kelishuvlar doirasida Agentlik vakillari Anqara shahrida malaka oshirish kursida ishtirok etmoqda.
TİKA granti asosida tashkil etilgan mazkur o‘quv dasturida Islom mamlakatlari uchun standartlar va metrologiya instituti (SMIIC) standartlariga muvofiq ravishda muvofiqlikni baholash, akkreditatsiya va standartlashtirish yo‘nalishlariga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Jumladan, OIC/SMIIC 1:2019 “Halal oziq-ovqat mahsulotlari uchun umumiy talablar”, OIC/SMIIC 2:2019 “Halal sertifikatlash organlariga qo‘yiladigan talablar” hamda OIC/SMIIC 3:2019 “Halal akkreditatsiya organlariga qo‘yiladigan talablar” standartlari bo‘yicha ishtirokchilarning nazariy bilim va amaliy ko‘nikmalari mustahkamlanmoqda.
Shuningdek, kurs doirasida mahsulotlarning yuqori sifati, xavfsizligi va halolligini xalqaro darajada ta’minlashda SMIIC standartlarining o‘rni, standartlar orqali savdo to‘siqlarini kamaytirish, mahalliy ishlab chiqaruvchilar uchun yangi bozorlarni ochish hamda iste’molchilar ishonchini oshirishga qaratilgan mavzularda davra suhbatlari tashkil etilmoqda.
Mazkur malaka oshirish kursi soha mutaxassislarining salohiyatini oshirish, xalqaro standartlarni milliy amaliyotga joriy etish hamda eksport salohiyatini kengaytirishga xizmat qiladi.




