“Better Cotton” tamoyillariga asoslangan tizim standartlarini joriy etish masalalari muhokama qilindi
2026-04-01 14:00:00 / Yangiliklar

✅ Toshkent shahridagi “Courtyard by Marriott Tashkent” mehmonxonasida paxta-to‘qimachilik klasterlarini rivojlantirish, fermer xo‘jaliklarida “Better Cotton” tamoyillariga asoslangan tizim standartlarini joriy etish hamda o‘zaro hamkorlikni mustahkamlashning dolzarb masalalariga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.
✅ Mazkur tadbirda O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi direktori A. Jumanazarov ishtirok etdi.
✅ Uchrashuv davomida xalqaro mehnat standartlarini joriy etishni kengaytirish, munosib mehnat tamoyillarini targ‘ib qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlarga alohida e’tibor qaratildi.
✅ Shuningdek, O‘zbekistonning xalqaro maydonda jozibador mamlakat sifatidagi nufuzi ortib borayotgani, nufuzli xalqaro brendlarning mamlakatimizdagi paxta-to‘qimachilik klasterlari bilan hamkorlik qilishga bo‘lgan qiziqishi yuqori ekani ta’kidlandi.
✅ Qayd etilganidek, mamlakatimizda to‘qimachilik sanoatiga xalqaro standartlarni joriy etish maqsadida Milliy komissiya doirasida “Better Cotton Initiative (BCI)” standartlarini integratsiya qilish chora-tadbirlarini qamrab olgan 2025–2027 yillarga mo‘ljallangan “Yo‘l xaritasi” qabul qilingan bo‘lib, uning izchil amalga oshirilishi ta’minlanmoqda.
✅ Tadbir doirasida, shuningdek, Milliy komissiya tarkibidagi vazirlik va idoralar, BCI hamda boshqa xalqaro ekspertlar ishtirokida faoliyat yuritayotgan ko‘p tomonlama Maslahat kengashi doirasida amalga oshiriladigan ishlar yuzasidan fikr almashildi.
✅ Uchrashuv yakunida xalqaro mehnat standartlarini joriy etish sohasida yangi qo‘shma loyiha va dasturlarni amalga oshirish orqali o‘zaro hamkorlikni yanada mustahkamlash bo‘yicha kelishuvga erishildi.



