Qo‘qondagi sanoat korxonalari faoliyati o‘rganildi
2026-03-31 15:05:00 / Yangiliklar

✅ Texnik tartibga solish agentligi direktori A. Jumanazarov tomonidan tizim tashkilotlarining Qo‘qon filiallari mas’ullari ishtirokida Farg‘ona viloyatida joylashgan bir qator sanoat korxonalarining faoliyati o‘rganildi.
✅ Jumladan, Farg‘ona viloyati Uchko‘prik tumani Qo‘qon erkin iqtisodiy zonasida joylashgan “THERMO TECH” MChJ korxonasi faoliyati bilan yaqindan tanishildi. Mazkur korxona bugungi kunda 30 turdagi isitish panel radiatorlarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan bo‘lib, ichki bozorda barqaror faoliyat yuritmoqda.
✅ Shuningdek, hududda faoliyat olib borayotgan “Bnbm Building Materials Central Asia” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar ham ko‘zdan kechirildi. Ushbu korxonada 5 turdagi qurilish uchun mo‘ljallangan gips plitalari ishlab chiqarilib, zamonaviy texnologiyalar asosida faoliyat olib borilmoqda.
✅ Bundan tashqari, Farg‘ona viloyati Qo‘qon shahrida joylashgan “ZARA INTER TEXTILE” MChJ faoliyati o‘rganilib, korxonada matoni bo‘yash va qayta ishlash jarayonlari bilan tanishildi.
✅ Tashrif davomida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PF–25-son Farmonining mazmun-mohiyati hamda unda belgilangan ustuvor vazifalar tadbirkorlik subyektlariga batafsil tushuntirildi. Xususan, korxonalarni qo‘llab-quvvatlash, ularning xalqaro bozorlarga chiqish imkoniyatlarini kengaytirish, shuningdek, sifat infratuzilmasi talablariga muvofiq faoliyat yuritishini ta’minlash masalalari yuzasidan atroflicha fikr almashildi.
Mazkur o‘rganishlar natijasida korxonalar faoliyatini yanada takomillashtirish, ishlab chiqarish hajmi va mahsulotlar sifatini oshirish bo‘yicha tegishli tavsiyalar berildi.




