O‘zbekiston va Qatar o‘rtasida texnik hamkorlik yangi bosqichga chiqmoqda
2026-03-17 12:05:00 / Yangiliklar

O‘zbekiston Texnik jihatdan tartibga solish agentligi direktori Akmal Jumanazarov Qatar Davlatining O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor elchisi Hasan Hamza Hoshim bilan uchrashuv o‘tkazdi.
O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi hamkorligida tashkil etilgan mazkur uchrashuvda kun tartibidagi qator muhim masalalar muhokama qilindi. Xususan, texnik jihatdan tartibga solish, standartlashtirish, metrologiya, muvofiqlikni baholash hamda bozor nazorati sohalarida hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish, malakali kadrlar tayyorlash, grantlar va texnik ko‘makni jalb etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Ta’kidlanganidek, Qatar tabiiy gaz zaxiralari bo‘yicha dunyoda yetakchi o‘rinlardan birini egallaydi hamda aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan yalpi ichki mahsulot ko‘rsatkichi yuqori davlatlardan biri hisoblanadi. So‘nggi yillarda O‘zbekiston va Qatar o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlar izchil rivojlanib, yangi bosqichga chiqmoqda. Jumladan, 2025-yilda o‘zaro savdo hajmi 2,7 million AQSh dollarini tashkil etdi.
Uchrashuv davomida “yashil” energetika, transport, geologiya, to‘qimachilik, turizm va infratuzilmani rivojlantirish kabi yo‘nalishlarda amalga oshirilayotgan hamkorlik loyihalari kengayib borayotgani qayd etildi. Ushbu yo‘nalishlarni sifat jihatidan yangi darajaga olib chiqishda standartlashtirish va texnik tartibga solish muhim ahamiyat kasb etishi alohida ta’kidlandi.
Shuningdek, ishbilarmonlar uchun yanada qulay sharoitlar yaratish, savdo hajmini oshirish, uning tarkibini diversifikatsiya qilish hamda savdodagi texnik to‘siqlarni bartaraf etish zarurligi qayd etildi.
Tomonlar Qatar standartlashtirish bosh tashkiloti (Qatar General Organization for Standardization – QS) bilan idoralararo hamkorlik hujjatini imzolash, shuningdek, tadbirkorlik subyektlari uchun qo‘shimcha qulayliklar yaratish maqsadida muvofiqlikni baholash natijalarini o‘zaro tan olish bo‘yicha hukumatlararo bitim loyihasini ishlab chiqishni taklif etdilar.
Uchrashuv doirasida elchi Hasan Hamza Hoshim laboratoriyalar faoliyati bilan ham tanishib, ulardagi shart-sharoitlar xalqaro standartlar va me’yoriy talablarga to‘liq mos ekanini yuqori baholadi.
Uchrashuv yakunida tomonlar O‘zbekiston va Qatar o‘rtasida texnik tartibga solish sohasida ikki tomonlama hamkorlikni yanada mustahkamlash va rivojlantirish uchun barcha zarur choralarni ko‘rishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.



