O‘zbekiston delegatsiyasi AW EXPO–2026 xalqaro ko‘rgazmasida ishtirok etmoqda
2026-03-05 11:05:00 / Yangiliklar

✅ O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi delegatsiyasi United Nations Industrial Development Organization huzuridagi UNIDO ITPO Korea bilan hamkorlikda Automation World Expo (AW EXPO) 2026 xalqaro ko‘rgazmasida ishtirok etmoqda. Mazkur nufuzli tadbir Seoul shahrida tashkil etilmoqda.
✅ Agentlik tashabbusi bilan shakllantirilgan O‘zbekiston delegatsiyasi tarkibiga qator sanoat korxonalari vakillari ham jalb etilgan bo‘lib, ular ko‘rgazma doirasida faol qatnashmoqda. Bu esa mamlakatimiz sanoat korxonalarining ilg‘or texnologiyalar bilan tanishishi hamda xalqaro hamkorlik aloqalarini kengaytirishiga xizmat qilmoqda.
✅ Ko‘rgazmada 24 davlatdan 500 dan ortiq kompaniya ishtirok etib, ishlab chiqarishni raqamlashtirish, sun’iy intellekt, robototexnika hamda avtomatlashtirish yo‘nalishlaridagi zamonaviy texnologik yechimlar namoyish etilmoqda.
✅ UNIDO bilan hamkorlik mamlakatimizda xalqaro standartlar asosida innovatsion menejment tizimlarini joriy etish, texnik jihatdan tartibga solish tizimini takomillashtirish hamda sanoat mahsulotlarining raqobatbardoshligini oshirishga xizmat qiladi. Shu bilan birga, bu jarayon O‘zbekistonning xalqaro sanoat reytinglari va investitsiyaviy jozibadorlik ko‘rsatkichlaridagi o‘rnini mustahkamlashga yordam beradi.
✅ Ko‘rgazma doirasida xorijiy kompaniyalar va investorlar bilan o‘tkazilayotgan uchrashuvlar yangi hamkorlik loyihalarini yo‘lga qo‘yish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish hamda milliy mahsulotlarni tashqi bozorlarga olib chiqish imkoniyatlarini kengaytirmoqda.
✅ Mazkur tadbirda ishtirok etish O‘zbekiston sanoatining global qiymat zanjirlariga integratsiyalashuvini jadallashtirish hamda mamlakatimizning xalqaro maydondagi sanoat salohiyatini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.




