"Intertek" kompaniyasi bilan uchrashuv
2026-02-17 15:10:00 / Yangiliklar

Texnik jihatdan tartibga solish agentligi direktori A. Jumanazarov joriy yilning 17-fevral kuni amaliy tashrif bilan mamlakatimizda bo‘lib turgan Buyuk Britaniyaning Intertek Group plc kompaniyasining hukumat va savdo xizmatlari bo‘yicha bosh menejeri Irina Berenwald bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Ma’lumot uchun,
Intertek Group plc 1885-yilda London shahrida tashkil etilgan bo‘lib, o‘tgan davr mobaynida neft va gaz, energetika, avtomobil sanoati, qurilish, elektronika, oziq-ovqat sanoati, tibbiyot va boshqa sohalarda mahsulot va xizmatlar sifatini nazorat qilish, xavfsizligini ta’minlash hamda standartlashtirish yo‘nalishida jahondagi yetakchi kompaniyalardan biri sifatida e’tirof etilgan. Kompaniya dunyoning 100 dan ortiq mamlakatida mingdan ziyod ofis, laboratoriya va sertifikatlashtirish markazlariga ega.
Uchrashuv davomida O‘zbekiston va Buyuk Britaniya muvofiqlikni baholash idoralari o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish, xususan, texnik jihatdan tartibga solish va mahsulotlarni sinovdan o‘tkazish yo‘nalishlarini kengaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, CE markirovkasi asosida mahsulotlarning xalqaro va Yevropa standartlariga muvofiqligini baholash, sifat menejmenti tizimlarini sertifikatlashtirish, malakali kadrlar tayyorlash, davlat-xususiy sheriklik asosida qo‘shma korxonalar tashkil etish, zamonaviy sinov laboratoriyalarini barpo etish hamda xodimlarning malakasini oshirish masalalari yuzasidan atroflicha fikr almashildi.
Tomonlar kelgusida o‘zaro hamkorlikni yanada rivojlantirish, tajriba almashish va texnik infratuzilmani mustahkamlash orqali mahsulotlar sifati va raqobatbardoshligini oshirishga qaratilgan qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.



