Slovakiyaning O‘zbekistondagi elchisi bilan uchrashuv
2026-02-17 10:00:00 / Yangiliklar

Texnik jihatdan tartibga solish agentligi direktori A. Jumanazarov Slovakiya Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Viktor Borecký hamda “Sitno Holding” kompaniyasi rahbari Ľudovít Černák bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Konstruktiv ruhda o‘tgan muloqot davomida oliy darajadagi tashriflar chog‘ida erishilgan kelishuvlar va qo‘shma loyihalar ijrosi muhokama qilindi. Shuningdek, eksport salohiyatini oshirish, logistika jarayonlarini takomillashtirish, savdodagi texnik to‘siqlarni bartaraf etish, malakali kadrlar tayyorlash, grantlar va texnik ko‘makni jalb qilish masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Joriy yilning 1–5-fevral kunlari Agentlik ishchi guruhining Slovakiya Respublikasiga xizmat safari doirasida UNMS SR (Slovakiya Standartlar, metrologiya va sinov tashkiloti), TSÚ (Slovakiya Texnik sinovlar instituti), TI (Slovakiya Texnik inspeksiya idorasi) hamda TÜV SÜD Slovakia bilan yaqin hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yilgani alohida ta’kidlandi.
Uchrashuvda bozor nazorati, mahsulotlarning umumiy xavfsizligi va standartlashtirish sohalarida o‘zaro tajriba almashish, mahalliy korxonalarga Yevropa standartlaridan foydalanish imkoniyatlarini yaratish hamda savdodagi texnik to‘siqlarni bartaraf etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, Yevropa Ittifoqining TAIEX va Twinning dasturlari doirasida xodimlarning bilim va ko‘nikmalarini oshirish, UNMS SR hamda SMU bilan hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish muhimligi qayd etildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar Slovakiya va O‘zbekiston o‘rtasida mustahkam do‘stlik va o‘zaro manfaatli hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirish, strategik sheriklik darajasini yuksaltirish hamda barcha sohalarda hamkorlikni kengaytirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.

