Qoraqalpog‘iston Respublikasida tayyor kiyim-kechak eksporti AQSH va Yevropa bozorlariga yo‘naltirilmoqda
2026-02-08 10:20:00 / Yangiliklar

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 20-sentabrdagi PQ–290-son “To‘qimachilik va tikuv-trikotaj sanoatida islohotlarni jadallashtirish va eksport salohiyatini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida Agentlik mas’ullari tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasida faoliyat yuritayotgan tayyor kiyim-kechak mahsulotlari ishlab chiqaruvchi “Surhxon Taxiatosh Textile” korxonasi faoliyati yaqindan o‘rganildi.
Mazkur korxona tomonidan bugungi kunda Rossiya Federatsiyasiga tayyor kiyim-kechak mahsulotlari eksporti amalga oshirilmoqda.
O‘rganish jarayonida korxona vakillari bilan tayyor kiyim-kechak mahsulotlarini AQSH va Yevropa davlatlari bozorlariga eksport qilish istiqbollari yuzasidan uchrashuv o‘tkazildi. Muloqot davomida xalqaro standartlarni joriy etishning afzalliklari muhokama qilinib, korxona tomonidan OEKO-TEX hamda Better Work sertifikatlarini hamkorlikda joriy etish, shuningdek, tayyor kiyim-kechak mahsulotlari eksportini Yevropa davlatlariga yo‘naltirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Shuningdek, mas’ullarga AQSH va Yevropa davlatlaridagi mavjud texnik va ijtimoiy talablar, GSP+ doirasidagi imtiyozlar hamda ulardan samarali foydalanish tartiblari yuzasidan batafsil tushuntirishlar berildi.
Mazkur ishlar hududiy korxonalarning eksport salohiyatini oshirish, mahsulotlar raqobatbardoshligini ta’minlash hamda yangi bozorlarga chiqish imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi.


