Bag‘dod shahrida “Baghdad International Fair” xalqaro ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tmoqda
2026-02-02 15:25:00 / Yangiliklar

Iroq Respublikasining Bag‘dod shahrida nufuzli “Baghdad International Fair” xalqaro ko‘rgazmasi o‘z ishini davom ettirmoqda. Mazkur ko‘rgazmada O‘zbekiston milliy ekspozitsiyasi “Made in Uzbekistan” brendi ostida keng namoyish etilmoqda.
Ekspozitsiya doirasida O‘zbekistondan 200 nafarga yaqin tadbirkor, jumladan vazirlik va idoralar, shuningdek Texnik jihatdan tartibga solish agentligi vakillari ishtirok etmoqda. 1000 kv.m maydonda mahalliy ishlab chiqaruvchilarning eng sara mahsulotlari — oziq-ovqat, to‘qimachilik, yengil sanoat, qurilish materiallari, elektrotexnika hamda boshqa eksportbop tovarlar taqdim etilgan.
Ko‘rgazma doirasida Iroq standartlashtirish va sifat nazorati tashkiloti (COSQC) bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda savdodagi texnik to‘siqlarni bartaraf etishga qaratilgan texnik jihatdan tartibga solish, standartlashtirish, metrologiya va muvofiqlikni baholash sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi hukumatlararo Bitim loyihasini ishlab chiqish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Ma’lumot uchun, COSQC faoliyati 1979 yilda boshlangan bo‘lib, u Xalqaro standartlashtirish tashkiloti (ISO), Xalqaro elektrotexnika komissiyasi (IEC), Islom mamlakatlari standartlari va metrologiya instituti (SMIIC), Xalqaro o‘lchov va tarozilar byurosi (BIPM) a’zosi hamda CIPM MRA imzolovchisi hisoblanadi.
Uchrashuvlar davomida mahsulotlarni eksport qilishdagi talablar ham atroflicha o‘rganildi. 2025 yilda O‘zbekistondan Iroq tomoniga jami 81 611,60 tonna miqdorida oziq-ovqat, tamaki, kimyo sanoati, plastmassa va rezina, farmatsevtika va tibbiyot, to‘qimachilik, yoqilg‘i-energetika, neft, mineral mahsulotlar, texnologik asbob-uskunalar, qog‘oz va undan tayyorlangan buyumlar eksport qilingan.
Mazkur ko‘rgazma O‘zbekiston ishbilarmonlari uchun yangi hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish, eksport shartnomalarini imzolash hamda katta imkoniyatlar maydoni bo‘lishi kutilmoqda.



