Amerika–Oʻzbekiston savdo palatasi va AQSh kompaniyalari bilan uchrashuv
2026-01-25 10:30:00 / Yangiliklar

Vashington shahrida Amerika–Oʻzbekiston savdo palatasi hamda AQShning Pangea, IBM, Caterpillar kompaniyalari bilan uchrashuv oʻtkazildi. Unda mamlakatlar oʻrtasidagi iqtisodiy munosabatlarning hozirgi holati va kelajakda istiqbolli boʻlgan soha yoʻnalishlari muhokama qilindi.
Oʻzbekiston–Amerika biznes forumi ikki davlatning 150 dan ortiq ishbilarmonlari oʻrtasida yangi loyiha va gʻoyalarni toʻgʻridan-toʻgʻri muhokama qilish uchun samarali va oʻziga xos platforma ekani taʼkidlandi.
Amerika–Oʻzbekiston savdo palatasi tomonidan Oʻzbekiston Prezidentining 2025 yilda AQShga amalga oshirgan amaliy tashrifi hamda “C5+1” sammitidagi ishtiroki ikki tomonlama va koʻp tomonlama yoʻnalishlarda amaliy loyihalarni jadallashtirishga kuchli turtki berayotgani, imzolangan investitsiya kelishuvlarining amalga oshishini tezlashtirishi, energetika, transport va raqamli texnologiyalarga doir loyihalarni kelishish va amalga oshirishga xizmat qilayotgani qayd etildi.
AQSh ishlab chiqarish kompaniyalari bilan birgalikda texnik reglament va standartlar loyihalarini ishlab chiqishda hamkorlik qilish, oʻzbek mahsulotlarini AQShga eksport qilishda standartlar, sifat sertifikatlari va qadoqlash talablariga rioya etish boʻyicha qoʻllanma ishlab chiqishga kelishib olindi.
WRAP tashkiloti bilan oʻtkazilgan uchrashuvda toʻqimachilik mahsulotlarini AQSh bozoriga yoʻnaltirish masalalari muhokama qilindi.
Maʼlumot uchun: WRAP tashkiloti jahondagi eng yirik mustaqil sertifikatlash tashkilotlaridan biri boʻlib, hozirda dunyoning 40 dan ortiq mamlakatida 3 mingdan ziyod korxona va fabrikalar WRAP sertifikatiga ega.
Toʻqimachilik sanoati boʻyicha mintaqada mamlakatimiz yetakchi hudud ekani inobatga olinib, WRAP tashkiloti ofisini Toshkent shahrida ochish taklifi bildirildi.
Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 19 sentabrdagi PQ–290-son qaroriga muvofiq, 2026 yilda toʻqimachilik va tikuv-trikotaj sanoatida eksport hajmini 3,3 milliard AQSh dollariga yetkazish, xalqaro sertifikatga ega toʻqimachilik va tikuv-trikotaj korxonalari sonini 300 taga, AQSh va Yevropa davlatlari bozorlariga tayyor kiyim-kechak mahsulotlari eksportini 200 million AQSh dollariga yetkazish vazifalari belgilangan.
Shu maqsadda mahsulotlarni Amerika bozoriga olib kirish, distribyutorlar tarmogʻi orqali kengaytirish, nufuzli brend kompaniyalar bilan hamkorlik qilish, mahsulotlar sifatini jahon standartlari darajasiga yetkazish hamda WRAP sertifikati orqali xalqaro ishonchni taʼminlash masalalari muhokama qilindi.
WRAP sertifikatini olishga qiziqish bildirgan 25 ta korxona hamda toʻqimachilik mahsulotlarini AQShga eksport qilishni rejalashtirgan 27 ta korxona roʻyxati taqdim etildi. Uchrashuv yakunida faol hamkorlikka qaratilgan Harakat dasturi imzolandi.






