Vashington shahrida standartlashtirish sohasidagi hamkorlikni jadallashtirish istiqbollari muhokama
2026-01-21 10:50:00 / Yangiliklar

Amerika Qo‘shma Shtatlari poytaxti — Vashington shahrida O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi direktori Akmal Jumanazarov Amerika Milliy standartlar instituti (ANSI) vitse-prezidentlari Jozef Tretler (Joseph Tretler) va Meri Saunders (Mary Saunders) bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Ma’lumot uchun: Amerika Milliy standartlar instituti (ANSI) o‘z faoliyatini 1918-yildan boshlagan bo‘lib, Xalqaro standartlashtirish tashkiloti (ISO), Xalqaro elektrotexnika komissiyasi (IEC) hamda Global akkreditatsiya hamkorligi (GLOBAC)ning to‘laqonli a’zosi hisoblanadi. ANSI ISO tashkilotining 560 ta texnik qo‘mitasida to‘laqonli, 8 ta texnik qo‘mitasida kuzatuvchi sifatida ishtirok etadi hamda 93 ta sekretariatni boshqaradi.
Global sifat infratuzilmasi indeksida 186 ta davlat orasida AQSh 2-o‘rinni egallagan. Jumladan, metrologiya sohasida — 1-o‘rin, standartlashtirishda — 9-o‘rin, akkreditatsiyada — 1-o‘rin qayd etilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi va O‘zbekistonning AQShdagi elchixonasi hamkorligida tashkil etilgan uchrashuvda O‘zbekiston va AQSh o‘rtasida standartlashtirish sohasidagi hamkorlik munosabatlarining hozirgi holati va istiqbollari muhokama qilindi. Shuningdek, standartlashtirish va akkreditatsiya sohasida hamkorlik ko‘lamini kengaytirish, milliy texnik qo‘mitalar faoliyatini takomillashtirish, ISO va IEC xalqaro tashkilotlarining texnik qo‘mitalarida ishtirokni jadallashtirish, xalqaro standartlarni joriy etish hamda kadrlar tayyorlash masalalari ko‘rib chiqildi.
AQSh tomoni O‘zbekistonning “C5+1” formati doirasida Markaziy Osiyo va AQSh o‘rtasidagi hamkorlikdagi faol ishtiroki, ISO va IEC doirasidagi sa’y-harakatlari, Global sifat infratuzilmasi indeksida 52-pog‘onaga ko‘tarilgani, sohada raqamlashtirish jarayonlari izchil joriy etilayotgani hamda Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish jarayonlarining faollashganini ijobiy baholadi.
Uchrashuv davomida O‘zbekiston standartlar instituti tuzilmasidagi Savdodagi texnik to‘siqlar bo‘yicha axborot markazi faoliyatini takomillashtirish, raqamlashtirish va sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish, mutaxassislarni AQShda tajriba oshirishga yuborish, milliy qonunchilikni JST bitimlari, qoidalari va me’yorlariga muvofiqlashtirish, savdodagi texnik to‘siqlarni bartaraf etish bo‘yicha doimiy hamkorlik hamda AQSh bozoriga chiqishda standart talablari yuzasidan trening-seminarlar o‘tkazish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
Uchrashuv yakunida Amerika Milliy standartlar instituti (ANSI) va O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi o‘rtasida hamkorlik dasturi imzolandi.




