Xitoyning O‘zbekistonidagi elchisi bilan uchrashuv
2026-01-15 10:05:00 / Yangiliklar

O‘zbekiston Texnik jihatdan tartibga solish agentligi direktori A. Jumanazarov Xitoyning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Yuy Czyun bilan uchrashdi.
Elchi Yuy Czyun O‘zbekiston bilan hamkorlik jadal rivojlanayotganidan mamnunligini bildirdi.
Uchrashuvda texnik tartibga solish, standartlashtirish, metrologiya va muvofiqlikni baholash sohasida hamkorlik munosabatlarining hozirgi holati va istiqbollari, hamkorlik ko‘lamlarini kengaytirish, malakali kadrlar tayyorlash, grantlar va texnik ko‘makni jalb etish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, standartlashtirish, mahsulotlar sinovi va metrologiya sohasida zarur bo‘lgan loyihalar yuzasidan taqdimot qilindi.
Xitoy Bozorlarni tartibga solish administratsiyasi (SAMR), Xitoy Standartlashtirish tashkiloti (SAC), Xitoy Milliy metrologiya instituti (NIM China), Xitoy Sifat sertifikatsiyalash markazi (CQC), Xitoy Akkreditatsiya idorasi (CNAS) va Xitoy Avtomobil texnologiyasi va tadqiqot markazi (CATARC) bilan hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish, tomonlarning ulkan salohiyatidan to‘liq foydalanish, yangi istiqbolli loyihalarni kengaytirish va yana-da chuqurlashtirishga alohida e’tibor qaratildi.
Eksport bozorlarini kengaytirish maqsadida savdodagi texnik to‘siqlar, eksport-import mahsulotlarga qo‘yilgan talablar bo‘yicha e’tibor qaratildi.
Uchrashuv yakunlari bo‘yicha tomonlar hamkorlikni yana-da kengaytirish, muhokama qilingan loyiha va tashabbuslarni amalga oshirishni jadallashtirishga qaratilgan choralar ko‘rishga qat’iy ekanliklarini bildirdilar.



