Oʻzbekistonda ilk bor yangi avlod milliy etaloni yaratildi
2025-12-29 12:30:00 / Yangiliklar

Oʻzbekiston Texnik jihatdan tartibga solish agentligi tasarrufidagi Oʻzbekiston Milliy metrologiya instituti Toshkent davlat texnika universiteti bilan hamkorlikda muhim ilmiy-amaliy loyihani amalga oshirdi. Mamlakatimizda ilk marotaba xalqaro talablariga mos boʻlgan “Kontaktli sath oʻlchash etaloni” yaratildi.
Mazkur etalonni ochilishi tadbirida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri Kongratbay Sharipov hamda Texnik jihatdan tartibga solish agentligi direktori Akmal Jumanazarov ishtirok etdi. Ular mazkur loyihani sohaning izchil rivojlanishi, innovatsiyalarni joriy etish va milliy metrologiya tizimini xalqaro talablarga moslashtirish yoʻlidagi muhim qadam sifatida baholadi.
Ushbu yangilik oʻlchashlar birligini taʼminlash, sanoatda ishonchlilikni oshirish va milliy kalibrovka xizmatlarini xalqaro maydonda raqobatbardosh qilishda katta ahamiyat kasb etadi.
Yangi etalonning asosiy imkoniyatlari:
• 0 dan 4 metrgacha boʻlgan diapazonda ishlaydi;
• suyuqlik satihini oʻlchashda ±0,3 mm aniqlikni taʼminlaydi;
• turli tipdagi kontaktli urovnemerlarni kalibrlash va qiyoslash imkonini beradi;
• raqamlashtirilgan boshqaruv, real-time monitoring va avtomatik hisobot shakllantirish funksiyalari bilan jihozlangan.
Etalon SI birliklari, ISO va OIML talablariga toʻliq muvofiq ishlab chiqilgan. Bu oʻlchash natijalarining xalqaro tan olinishi va oʻzaro solishtirish imkonini yaratib, Jahon savdo tashkiloti doirasida texnik toʻsiqlarni kamaytirishga xizmat qiladi. Shu bilan birga, xavfsizlik, mehnat muhofazasi va sanoat xavfsizligi boʻyicha amaldagi standartlar toʻliq inobatga olingan.
Mutaxassislar fikriga koʻra, ushbu etalonning ishga tushirilishi milliy metrologiya infratuzilmasini mustahkamlaydi, kalibrovka xizmatlarining xalqaro raqobatbardoshligini oshiradi va eksport salohiyatini kengaytiradi. Yangi etalon — yuqori aniqlik, innovatsion yondashuv va xalqaro standartlarga moslikning amaldagi ifodasi boʻlib, milliy metrologiya tizimini yangi bosqichga olib chiqadi.




