O‘zbekiston Respublikasi Sport vazirligi sport maktablariga o‘quvchilarning hujjatlarini qabul qilish hamda ularning o‘qishini ko‘chirish bo‘yicha
1. O‘zbekiston Respublikasi Sport vazirligi sport maktablariga o‘quvchilarning hujjatlarini qabul qilish hamda ularning o‘qishini ko‘chirish qaysi normativ-hujjat bilan tartibga solinadi?
Javob: O‘zbekiston Respublikasi Sport vazirligi sport maktablariga o‘quvchilarning hujjatlarini qabul qilish hamda ularning o‘qishini ko‘chirish O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 3-noyabrdagi
583-son qarori bilan tasdiqlangan Davlat sport-ta’lim muassasalariga o‘quvchilarning hujjatlarini qabul qilish hamda ularning o‘qishini ko‘chirish bo‘yicha davlat xizmatlarini ko‘rsatishning Ma’muriy reglamentiga asosan tartibga solinadi.
2. Sport maktablariga o‘quvchilarning hujjatlarini qabul qilish hamda ularning o‘qishini ko‘chirish boyicha kimlar murojaat qilishi mumkin?
Javob: Arizachi sifatida sport maktabiga o‘qishga kirish uchun hujjatlarini qabul qilish yoki o‘qishini bir sport ta’lim muassasasidan boshqasiga ko‘chirishni so‘rab murojaat qilgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi, O‘zbekiston Respublikasi hududida yashash guvohnomasiga ega bo‘lgan chet el fuqarosi yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxs (o‘n olti yoshga to‘lmagan shaxs nomidan murojaat qilgan uning qonuniy vakili) hisoblanadi.
3. Sport maktablariga o‘quvchilarning hujjatlarini qabul qilish hamda ularning o‘qishini ko‘chirish qayerga murojaat qilinishi lozim?
Javob: Sport maktablariga o‘quvchilarning hujjatlarini qabul qilish hamda ularning o‘qishini ko‘chirish uchun arizachi Davlat xizmatlari markazi yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali murojaat qilishi lozim.
4. Sport maktablariga o‘qishga hujjatlarni qabil qilish bo‘yicha davlat xizmati ko‘rsatiladigan hududlar ro‘yxati, qabul muddatlari to‘g‘risida qayerdan ma’lumot olsa bo‘ladi?
Javob: Sport vazirligi tomonidan har yili 1-yanvarga qadar o‘quvchilarning sport ta’lim muassasalariga o‘qishga kirishi uchun hujjatlarini qabul qilish yoki ularni bir sport ta’lim muassasasidan boshqasiga ko‘chirish bo‘yicha davlat xizmati ko‘rsatiladigan hududlar ro‘yxati, qabul muddatlari tasdiqlanadi va o‘z rasmiy veb-saytida e’lon qilinadi.
5. Sport maktablariga o‘quvchilarning hujjatlarini qabul qilish hamda ularning o‘qishini ko‘chirish uchun qancha miqdorda yig‘im undiriladi?
Javob: Sport maktablariga o‘quvchilarning hujjatlarini qabul qilish hamda ularning o‘qishini ko‘chirish uchun davlat xizmati ko‘rsatilgani uchun ariza beruvchidan yig‘im undirilmaydi.
6. Yilning qaysi oylarida Sport maktablariga o‘quvchilarning hujjatlarini qabul qilish hamda ularning o‘qishini ko‘chirish bo‘yicha ariza bilan murojaat qilish mumkin?
Javob: Sport maktablari va ixtisoslashtirilgan sport maktablariga o‘quvchilarning hujjatlarini qabul qilish hamda ularning o‘qishini ko‘chirish bo‘yicha davlat xizmatlarini ko‘rsatish davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali 2024/2025 o‘quv yilidan boshlab tegishli moliya yili uchun ajratilgan mablag‘lar doirasida yil davomida amalga oshiriladi.
7. Sport maktablariga o‘quvchilarning hujjatlarini qabul qilish hamda ularning o‘qishini ko‘chirish bo‘yicha ariza bilan murojaat qilinganda qanday hujjatlar taqdim etilishi lozim.
Javob: Ariza beruvchi murojaati bo‘yicha yuborilgan sport ta’lim muassasasiga onlayn navbat bo‘yicha boradi va bolaning sog‘lig‘i to‘g‘risidagi tibbiy ma’lumotnomani taqdim etadi.
8. Sport maktablariga o‘quvchilarning hujjatlarini qabul qilish kimlar tomonidan ko‘rib chiqiladi?
Javob: Sport ta’lim muassasasida o‘quvchilarning hujjatlarini qabul qilish bo‘yicha kamida 5 nafardan iborat tarkibda qabul komissiyasi tuziladi.
Qabul komissiyasi tarkibi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sport vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar sport boshqarmalari tomonidan tasdiqlanadi.
Qabul komissiyasi tarkibiga sport ta’lim muassasasi direktori, direktorning o‘quv, sport ishlari bo‘yicha o‘rinbosarlari, trener, maktab shifokori (psixologi) va hamshirasi kiritiladi.
Qabul komissiyasiga sport ta’lim muassasasi direktori raislik qiladi, a’zolarning vazifalari qabul komissiyasi raisi tomonidan belgilanadi.
Qabul jarayonining shaffofligini ta’minlash maqsadida sport ta’lim muassasasi joylashgan hududdagi mahalla vakillari hamda kuzatuv kengashi a’zolari ham jalb etiladi.
9. Yilning qaysi davrida o‘qishini ko‘chirish bo‘yicha ariza bilan murojaat qilish mumkin?
Javob: Ariza beruvchi o‘z xohishiga ko‘ra o‘quv yili davomida yoki o‘quv yili tugaganidan so‘ng bir sport ta’lim muassasasidan boshqasiga o‘qishini ko‘chirishi mumkin.
Ariza beruvchi o‘qishni ko‘chirish uchun istalgan Davlat xizmatlari markaziga murojaat qiladi yoki YIDXP davlat xizmatidan elektron shaklda foydalanish uchun ro‘yxatdan o‘tadi.
10. O‘qishini ko‘chirish bo‘yicha ariza va so‘rovnoma qancha muddatda ko‘rib chiqiladi?
Javob: O‘qishini ko‘chirish bo‘yicha ariza bilan murojaat qilinganidan so‘ng sport ta’lim muassasasi so‘rovnomani uch ish kunida ko‘rib chiqadi.
