Tez-tez beriladigan savollarga javoblar
1. Sport pasporti qanday hujjat?
Javob: Sport pasporti yagona namunadagi hujjat bo‘lib, sportchining jismoniy tarbiya va sport tashkilotiga mansubligini hamda uning sport malakasini tasdiqlaydi.
2. Sport pasporti kimlarga beriladi?
Javob: Sport pasporti ikkinchi o‘smirlar sport razryadidan past bo‘lmagan razryadga ega bo‘lgan, tegishli sport turi (bir yoki bir necha) bilan muntazam ravishda shug‘ullanib kelayotgan va sport musobaqalarida doimiy ravishda ishtirok etuvchi sportchiga beriladi.
3. Sport pasportini amal qilish muddati qancha?
Javob: Sport pasportining amal qilish muddati 5 yil.
4. Sport pasportida qanday ma’lumotlar ko‘rsatiladi?
Javob: Sport pasportida quyidagilar ko‘rsatiladi:
sportchining familiyasi, ismi, otasining ismi;
jinsi;
tug‘ilgan sanasi;
sportchining jismoniy tarbiya va sport tashkilotiga mansubligi;
tanlangan sport turi yoki sport turlari va sport turining tarmoqlari;
sport unvonlari va sport razryadlari berilganligi to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
sport unvonlari va sport razryadlarini berish uchun zarur normalar hamda talablar bajarilganligini tasdiqlovchi ma’lumotlar;
sportchi tibbiy tekshiruvdan o‘tganligi to‘g‘risidagi belgi;
sport musobaqalarida erishilgan natijalar;
sportchining sport diskvalifikatsiyasi to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
davlat mukofotlari va boshqa shakldagi rag‘batlantirishlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
trenerning familiyasi, ismi, otasining ismi;
tanlangan sport turi yoki sport turlarining o‘ziga xos xususiyatlari bilan bog‘liq boshqa ma’lumotlar.
5. Sport pasportidan qanday maqsadlarda foydalaniladi?
Javob: Sport pasportidan quyidagi maqsadlarda foydalaniladi:
bir jismoniy tarbiya va sport tashkilotidan boshqasiga o‘tishda;
sport musobaqalarida ishtirok etish uchun ro‘yxatdan o‘tishda;
tibbiy tekshiruvdan o‘tishda;
sport unvonlari va sport razryadlarini olish uchun zarur bo‘lgan normalar hamda talablarning bajarilishida;
qonunchilik hujjatlarida belgilangan boshqa hollarda.
6. Sport pasportini qanday qilib olsa bo‘ladi?
Javob: Ariza beruvchi davlat xizmatidan foydalanish uchun davlat xizmatlari markaziga o‘zi kelib murojaat qiladi yoki elektron tarzda YIDXP tizimidan ro‘yxatdan o‘tadi.
Ariza beruvchi YIDXP orqali murojaat qilgan taqdirda, mustaqil ravishda Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 24-iyuldagi 309-son qarori bilan tasdiqlangan Reglamentga 2-ilovaga muvofiq shakldagi ma’lumotnoma-anketani to‘ldiradi.
Ariza beruvchi davlat xizmatlari markaziga kelib murojaat qilganda esa, uning ma’lumotnoma-anketasi davlat xizmatlari markazlari xodimi tomonidan to‘ldirilib, ariza beruvchi tomonidan tasdiqlanganidan so‘ng real vaqt rejimida vakolatli organga elektron shaklda yuboriladi.
16 yoshga to‘lmagan sportchilar uchun ularning ota-onasi yoki qonuniy vakili tomonidan murojaat qilinadi.
Ma’lumotnoma-anketaga 16 yoshga to‘lmagan shaxslarning elektron shaklda 3x4 o‘lchamli oq fondagi fotosurati hamda qonuniy vakilning shaxsiy identifikatsiya raqami (JSHIR) va bolaning qonuniy vakili ekanligini tasdiqlovchi hujjat ilova qilinadi.
YIDXP orqali murojaat qilinganda, ariza beruvchi tomonidan tizimga yuklangan fotosuratning sifati va haqqoniyligiga ariza beruvchi javobgar hisoblanadi.
Ariza beruvchidan ushbu bandda ko‘rsatilmagan ma’lumotlarni hamda boshqa hujjatlarni talab qilish taqiqlanadi.
Ma’lumotnoma-anketaga ariza beruvchi to‘g‘risidagi ma’lumotlar kiritilib, unga ilova qilinadigan hujjat rasmiylashtirilganidan so‘ng ariza beruvchi uni identifikatsiya qilishning zamonaviy vositalari (elektron imzo, daktiloskopiya, yagona identifikatsiya tizimidagi login va parol, mobil-ID va boshqalar) bilan tasdiqlaydi.
Ariza beruvchi YIDXP orqali murojaat etgan taqdirda, ma’lumotnoma-anketani ERI bilan tasdiqlash talab etilmaydi.
7. Sport pasportini olish uchun qancha miqdarda yig‘im undiriladi?
Javob: Ariza davlat xizmatlari markazlari orqali taqdim etilganda, ariza beruvchidan bazaviy hisoblash miqdorining 1/6 (oltidan bir) qismi miqdorida to‘lov amalga oshiriladi.
Ariza YIDXP orqali taqdim etilganda, ariza beruvchidan davlat xizmatlari markazlari orqali murojaat etganda to‘lanadigan summaning 90 foizi miqdorida yig‘im to‘lanadi.
“Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimida ro‘yxatga olingan, shuningdek, I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarga mazkur bandning birinchi va ikkinchi xatboshilarida belgilangan yig‘im miqdorining 50 foizi undiriladi.
8. Sport pasportini olish uchun murojaat qilinganda davlat xizmatini ko‘rsatishni rad etilishi mumkinmi?
Javob: Davlat xizmatini ko‘rsatishni rad etish uchun quyidagilar asos bo‘ladi:
ariza beruvchi tomonidan ma’lumotnoma-anketada haqiqiy bo‘lmagan va noto‘g‘ri ma’lumotlarning ko‘rsatilishi;
davlat xizmatini ko‘rsatish uchun to‘lovni to‘lamaslik (murojaat qilingan vaqtda ma’lumotlar qayta to‘g‘rilangan holatlar bundan mustasno);
sport pasportini olish uchun belgilangan talablar bajarilmasdan ma’lumotnoma-anketaning taqdim etilishi.
Davlat xizmati ko‘rsatishni boshqa asoslar bo‘yicha rad etish taqiqlanadi.
9. Sport pasporti qaysi hollarda almashtiriladi (yangisi beriladi)?
Javob: Sport pasporti quyidagi hollarda almashtiriladi (yangisi beriladi):
sportchining familiyasi, ismi va (yoki) otasining ismi o‘zgarganda;
sport pasportining amal qilish muddati tugaganda;
sport pasporti yo‘qotilganda;
sport pasporti eskirganda yoki yaroqsiz holga kelganda (undan foydalanish imkoni bo‘lmaganda);
10. Sport pasportini olish uchun ariza taqdim etilganidan so‘ng necha kunda va kimdan olinadi?
Javob: Sport pasportini olish uchun ariza taqdim etilganidan so‘ng yetti kun muddatda tegishli sport tashkiloti tomonidan taqdim etiladi.
"Yangi O'zbekiston Olimpiya cho`qqilari", "Prezident Olimpiadasi" yuzasidan tezkor savollarga-javoblar
1. Olimpiya harakatini rivojlantirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar kimlar tomonidan amalga oshiriladi?
Sport vazirligi va O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi
2. “Yangi O‘zbekiston Olimpiya cho‘qqilari” musobaqalarining final bosqichi qanday nom bilan o‘tkaziladi?
Prezident Olimpiadasi
3. Musobaqalarning birinchi va ikkinchi bosqichlarini yuqori saviyada o‘tkazish uchun kimlar mas’ul?
Hududiy hokimliklar va Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi
4. Final bosqichda 1–2-o‘rinlarni egallagan sportchilar qayerga yo‘naltiriladi?
Respublika Olimpiya va Paralimpiya sport turlariga tayyorlash markaziga
5. 2025/2026 o‘quv yilidan boshlab Markazda nechta bosqichli ta’lim tizimi joriy etiladi?
2
6. Trenerlar bilan mehnat shartnomalari qanday tartibda tuziladi?
Muayyan muddatga, sportchilarning natijalariga qarab uzaytiriladi yoki bekor qilinadi
7. 2026-yildan boshlab Markazdagi o‘quvchi-sportchilar soni nechta bo‘ladi?
800
8. Qaysi holatda sportchilar oliy harbiy (ixtisoslashtirilgan) ta’lim muassasalariga imtihonsiz qabul qilinadi?
Agar ular Olimpiya o‘yinlari yoki jahon chempionatlarida g‘olib/sovrindor bo‘lsa
9. Chet ellik sport mutaxassislari qanday mablag‘lar hisobidan jalb etiladi?
Davlat budjeti va homiylik mablag‘lari hisobidan
10. O‘quvchi-sportchilar qo‘lga kiritgan natijalar uchun tayyorlovchi trenerga necha foiz ustama to‘lanadi ?
10%
