Oʻzbekiston Respublikasi Sport vazirligi Hayʼatining navbatdagi kengaytirilgan yigʻilishi boʻlib o'tdi
2025-07-08 14:05:00 / Yangiliklar

Yig'ilishda sport sohasida o'tgan yarim yil davomida amalga oshirilgan ishlar, erishilgan natijalar va yo'l qo'yilgan kamchiliklar mas'ullar ishtirokida keng muhokama qilindi.
Xususan, "Los-Anjeles–2028" Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlariga O‘zbekiston sportchilarini har tomonlama puxta tayyorgarligini tashkil etish borasidagi ustuvor vazifalar muhokama qilindi.
Bu borada yaqinda Davlatimiz rahbari huzurida o‘tkazilgan taqdimot mobaynida berilgan muhim vazifalar ijrosini ta’minlashda hududiy Sport boshqarmalari, Milliy Olimpiya qo‘mitasi hududiy bo‘linmalari hamda sport federatsiyalarining o‘zaro hamkorlikdagi faoliyati tahlil qilindi.
Shuningdek, "Yangi O‘zbekiston olimpiya cho‘qqilari" sport musobaqalarining mintaqaviy bosqichi yakunlari va bu borada joylardagi rahbarlarning mas’uliyati hamda navbatdagi bosqichga puxta tayyorgarlik ko‘rish masalalariga ham alohida to‘xtalib o‘tildi.
Qolaversa, sport turlari bo‘yicha 2025- yilda bo‘lib o‘tadigan eng nufuzli kompleks sport musobaqalarga milliy terma jamoalar sportchilarining tayyorgarligini tashkil etish holati bo‘yicha mas’ullar axboroti eshitildi.
Sport vazirligi Hay’atining navbatdagi kengaytirilgan yig‘ilishi davomida Milliy Paralimpiya qo‘mitasi raisi Muxtorxon Tashxodjayev tomonidan "Los-Anjeles–2028" Paralimpiya o‘yinlariga ko‘rilayotgan tayyorgarlik xususida ham ma’lumot berildi.
Xususan, navbatdagi Paralimpiya o‘yinlari dasturiga qo‘shilgan yangi sport turlari, gender tenglikni ta’minlash, adaptiv sport turlarini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar tahlil qilindi.
Sport vaziri Adkham Ikramov ushbu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan ishlarni Namangan, Sirdaryo va Farg‘ona viloyatlari misolida ko‘rib chiqib, bu borada o‘zaro hamkorlikda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlar keng muhokama qilindi.
Shuningdek, ushbu yo‘nalishda 2025-2026 o‘quv yili uchun respublikadagi jami 15 ta Olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazlari, O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti hamda O‘zbekiston davlat sport akademiyasiga para atletlarni o‘qishga qabul qilish jarayonini uyushqoqlik bilan tashkil etish zarurligi ta’kidlandi.
Poytaxtimizdagi Olimpiya shaharchasi hududida Davlatimiz rahbari topshirig‘i asosida bunyod etilayotgan Paralimpiya sport turlariga mo‘ljallangan milliy terma jamoalar markazi qurilishi ishlarini sifatli tarzda yakunlash bo‘yicha mas’ullarga tegishli topshiriqlar berildi.
Hay'at yig'ilishida sport turlari bo‘yicha 2025- yilda bo‘lib o‘tadigan eng nufuzli kompleks sport musobaqalarga milliy terma jamoalar sportchilarining tayyorgarligini tashkil etish holati bo'yicha mas'ullar axboroti eshitildi.
Xususan, bugungi kunga qadar bo'lib o'tgan kompleks musobaqalarda milliy terma jamoalar tomonidan erishilgan natijalarga birma-bir to'xtalib o'tildi.
Ta'kidlash lozimki sport va ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlarining 2025-yil uchun Respublika kalendar rejasiga asosan, joriy yilda 6 ta yirik kompleks musobaqalarda O‘zbekiston sport delegatsiyasining ishtirok etishi rejalashtirilgan.
Ayni paytda sport turlari bo'yicha milliy terma jamoalar sportchilari Germaniyada bo'lib o'tadigan "Butunjahon yozgi universiada"si, Ozarbayjonda bo'lib o'tadigan "MDH davlatlari xalqaro sport o'yinlari", Saudiya Arabistonida o'tkaziladigan "VI Islom birdamligi o'yinlari" kompleks musobaqalariga hamda jahon va osiyo chempionatlariga jiddiy tayyorgarlik ko'rishmoqda.
Yig'ilish davomida ham ayni shu masalaga alohida to'xtalinib, sportchilarning ham jismonan ham ruhan tayyorgarlik ko'rishlariga jiddiy e'tibor berish, bunda murabbiylar va sport turlari bo'yicha federatsiya va assotsiatsiyalar rahbarlarining shaxsiy mas'uliyatini yanada oshirish lozimligi ta'kidlandi.
Shu bilan birga sport turlari va sport turining tarmoqlarini e’tirof etish reyestriga kiritishning yangi tartibi va bu borada sport tashkilotlarining mas’uliyati haqida Muzaffarxoʻja Raxmatxo'jayev hamda Sport ta’lim muassasalari va tizim tashkilotlari faoliyatini raqamlashtirish bo‘yicha ishlar natijadorligi boʻyicha vazir oʻrinbosari Murad Ismailov tomonidan taqdimotlar oʻtkazildi.
Hay’at yig‘ilishi davomida Sport vaziri o‘rinbosari Murad Ismailov tomonidan mahallalarda sport infratuzilmasini rivojlantirish va davlat-xususiy sheriklik loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar bu borada hududlarda yo‘l qoyilayotgan kamchiliklar tahlil qilindi.
Yig‘ilishda ixtisoslashtirilgan sport ta’lim muassasalarida yangi o‘quv yili uchun qabul jarayonlarini ochiq va shaffof tashkil etish, sport maktablari va ixtisoslashtirilgan sport maktablari faoliyatini rivojlantirish bo‘yicha belgilangan vazifalarning joylardagi ijrosi, shuningdek, eng muhim samaradorlik ko'rsatkichlari ham (KPI) muhokama qilindi.
Hay’at yig‘ilishi yakunida kun tartibidagi barcha masalalar ijrosini o‘z vaqtida va sifatli tarzda tashkil etish borasida mas’ullarga tegishli topshiriqlar berildi.







