Paxtachida sport avlodlari: ustoz mehnati va yangi iste’dodlar kamoloti
2026-10-09 09:00:00 / Yangiliklar

Ana shunday fidoyi insonlardan biri - Paxtachi tumani “Nuroniy” jamg‘armasi jamoatchilik kengashi a’zosi, sport yo‘nalishi bo‘yicha mas’ul Berdimurod Jalilov. U 35 yildan ortiq vaqt davomida jismoniy tarbiya va sport sohasida samarali faoliyat olib borib, o‘zining bilim va tajribasi, kasbiga sadoqati hamda yosh avlod tarbiyasiga qo‘shgan hissasi bilan el hurmatini qozonib kelmoqda.
Berdimurod Jalilovning ko‘p yillik faoliyati sportchi, jismoniy tarbiya o‘qituvchisi, sport instruktori, karate murabbiyi va hakam sifatidagi mehnat faoliyatini qamrab oladi. U o‘z kasbining ustasi, adolatli va fidoyi pedagog sifatida yoshlarning jismonan sog‘lom, ruhan baquvvat, irodali va maqsad sari intiluvchan bo‘lib voyaga yetishiga munosib hissa qo‘shgan.
Berdimurod Jalilov 1976-1979-yillarda talabalik davridayoq sportga bo‘lgan qiziqishi va qobiliyati bilan ajralib turgan. Shu yillarda qo‘l to‘pi bo‘yicha Samarqand viloyati terma jamoasi tarkibida viloyat va respublika miqyosidagi musobaqalarda muntazam qatnashgan. Buxoro, Xorazm, Navoiy, Jizzax, Sirdaryo, Surxondaryo, Qashqadaryo, Toshkent, Farg‘ona, Namangan viloyatlari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasida o‘tkazilgan respublika birinchiliklarida munosib natijalarni qayd etib, faxriy o‘rinlarni egallagan.
Uning sportdagi tajribasi keyinchalik pedagogik va murabbiylik faoliyatida ham muhim poydevor bo‘ldi. Berdimurod Jalilov 1979-yildan Paxtachi tumanidagi 17-umumta’lim maktabida jismoniy tarbiya o‘qituvchisi va sport instruktori sifatida faoliyat yuritib, 2010-yilgacha o‘quvchi-yoshlarni sportga jalb etish, ularning jismoniy tayyorgarligini oshirish va sportga bo‘lgan qiziqishini rivojlantirish yo‘lida mehnat qildi.
Uning faoliyatidagi yana bir e’tiborga molik jihat - yosh sportchilarning yutuqlariga befarq bo‘lmasligi, ularning quvonchini baham ko‘rishi va muvaffaqiyatlarini keng targ‘ib etishidir.
Tuman sportchilari musobaqalarda g‘oliblikni qo‘lga kiritganida, Berdimurod Jalilov ularni tabriklash, mehnatini e’tirof etish va tengdoshlariga namuna sifatida ko‘rsatish maqsadida ta’lim muassasalariga borib, yoshlar bilan uchrashuvlarda ishtirok etib keladi.
Shuningdek, Paxtachi tumanida futbol sohasida umidli yosh iste’dodlar ham kamol topmoqda. Endigina 7 yoshni qarshilagan Sultonbek Sohibjonov Minsk va Moskvada o‘tkazilgan xalqaro turnirlarda jami 25 ta gol urib, musobaqaning “Eng yaxshi o‘yinchisi” deb topildi. Uning bu natijasi yosh futbolchining salohiyati va kelajakda katta marralarni zabt etishiga umid uyg‘otadi. Paxtachi tumanidan yetishib chiqqan yana bir iste’dodli sportchi - dzyudochi Sevinch Norboyeva. Uning sportga bo‘lgan qiziqishi oilaviy an’analar bilan chambarchas bog‘liq. Sevinchning bobosi Norboy Nurullayev yoshligida to‘y va sayillarda kurash tushib, polvon sifatida tanilgan. Uning akalari ham kurash sirlarini puxta egallagan. Bobosi nevarasidagi shiddat, chaqqonlik va sportga moyillikni payqab, bolaligidayoq uni mahallasidagi dzyudo to‘garagiga olib borgan. Shu tariqa Sevinchning sport yo‘lidagi ilk qadamlari boshlangan. Uning hayoti sportga mehr, oilaviy an’analar va yaqinlar ko‘magining yosh iste’dod kamolotidagi o‘rnini yaqqol namoyon etadi.
Bunday natijalar yoshlarni sportga keng jalb etish, ularning qobiliyatini rivojlantirish va iqtidorli sportchilarni yuqori bosqichlarga olib chiqish muhimligini ko‘rsatadi. Har bir muvaffaqiyat ortida sportchining tinimsiz mehnati bilan birga, ustozlarning sabog‘i, ota-onalarning ko‘magi va ularni qo‘llab-quvvatlaydigan muhit turadi.
Berdimurod Jalilovning faoliyati ham sportga sadoqatning yorqin namunasidir. Bugun Paxtachida sport bilan shug‘ullanayotgan yoshlar, o‘z bilim va tajribasini shogirdlariga bag‘ishlayotgan murabbiylar hamda sport rivojiga hissa qo‘shayotgan fidoyi insonlar tumanning kelajakdagi yutuqlariga zamin yaratmoqda.
Yangi iste’dodlarning kashf etilishi, ularning respublika va xalqaro musobaqalarda muvaffaqiyat qozonishi esa bu an’ananing davom etayotganidan dalolat beradi. Zero, ustozning mehnati shogirdining g‘alabasida, sportga sadoqatning samarasi esa yangi avlod chempionlarining yutuqlarida namoyon bo‘ladi.








