Sport faxriylari e’zozlandi
2026-10-02 17:10:00 / Yangiliklar

O‘zbekiston Respublikasi Sport vazirligi, Milliy Olimpiya qo‘mitasi, O‘zbekiston Milliy paralimpiya qo‘mitasi hamda O‘zbekiston sport tashkilotlari faxriylari Kengashi hamkorligida 1-oktabr - O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan sport faxriylari uchun bayram dasturxoni tashkil etildi.
Tadbirda mamlakatimizda sport va jismoniy tarbiya, Olimpiya va paralimpiya harakatini rivojlantirishga ko‘p yillar davomida munosib hissa qo‘shib kelgan 30 nafardan ortiq yoshi ulug‘ sport faxriylari ishtirok etdi. Uchrashuv davomida faxriylarga ehtirom ko‘rsatilib, ularga bayram sovg‘alari topshirildi.
Tadbirda sport faxriylari mamlakatimizda sportni rivojlantirish, yosh avlodni jismonan sog‘lom va ma’nan barkamol etib tarbiyalash yo‘lida amalga oshirilayotgan ishlardan mamnun ekanliklarini bildirdilar. Ular ko‘rsatilgan e’tibor va ehtirom uchun barcha tashkilotchilarga samimiy minnatdorlik izhor etdilar.
Shuningdek, xalqaro maydonlarda yuksak natijalarga erishib, Vatanimiz bayrog‘ini baland ko‘tarayotgan sportchilarimizga, mamlakatimizda sport sohasiga qaratilayotgan e’tibor uchun Yurtboshimizga, sport rahbariyati va soha vakillariga ezgu tilaklar bildirildi. Faxriylar sportchilarimizga kelgusidagi nufuzli musobaqalarda ulkan zafarlar, yangi marralar va muvaffaqiyatlar tilab, duoga qo‘l ochdilar.
Bunday tadbirlar mamlakatimiz sporti rivojiga munosib hissa qo‘shgan faxriylarni e’zozlash, ularning boy tajribasini yosh avlodga yetkazish hamda avlodlar o‘rtasidagi vorisiylikni mustahkamlashga xizmat qiladi.



