Yangi tahrirdagi “Jismoniy tarbiya va sport to‘g‘risida”gi Qonun ma’qullandi
2026-02-05 15:00:00 / Yangiliklar

Senat yalpi majlisida yangi tahrirdagi “Jismoniy tarbiya va sport to‘g‘risida”gi Qonun ko‘rib chiqildi. Ushbu Qonun bilan jismoniy tarbiya va sport sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari hamda jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi aniq belgilab berilmoqda.
Qonunga muvofiq, jismoniy tarbiya va sport subyektlari qatoriga Sport vazirligi, Milliy Olimpiya va paralimpiya qo‘mitalari kiritilmoqda. Ularning qo‘shimcha vakolatlari belgilanmoqda.
Qonunda paralimpiya, surdlimpiya, maxsus olimpiya va ko‘zi ojizlar sporti harakatlariga doir normalar, sport federatsiyalari, klublari va ligalarining huquqiy maqomi hamda faoliyat yuritish tartibi, ularni reyestrga kiritish va chiqarish mezonlari mustahkamlanmoqda. Shuningdek, Qonunda murabbiy, sport hakami va sport agentining huquqiy maqomi, huquq va majburiyatlari ham belgilanmoqda.
Yangi Qonunga sportda dopingning oldini olish va unga qarshi kurashish tartibi, sport musobaqalari natijalariga qonunga xilof ravishda ta’sir ko‘rsatishga qarshi kurashish to‘g‘risidagi yangi normalar kiritildi.
Shuningdek, Qonun bilan Milliy antidoping agentligining huquqiy maqomi hamda asosiy funksiyalari belgilandi.
Oldingi tahrirdan farqli o‘laroq, yangi loyihada Butunjahon antidoping Kodeksining 2-moddasida nazarda tutilgan barcha holatlar doping sifatida e’tirof etilishi qayd etildi.
Butunjahon antidoping Kodeksi va Xalqaro standartlarda aks ettirilgan ta’riflarga mos kelmaydilan testlash, doping nazorati, musobaqa davri kabi tushunchalar chiqarib yuborildi.
Sport federatsiyalari va assotsiatsiyalarining antidoping sohasidagi majburiyatlari belgilandi va ularning bajarilishi qonun bilan kafolatlandi.
Ushbu Qonun sohani yanada rivojlantirishga, mamlakatda dopingga qarshi kurashda dasturamal bo‘lib xizmat qiladi.
Qonunda aholini ommaviy sportga jalb qilish va ommaviy sport tadbirlarini tizimli o‘tkazib borishga eʼtibor qaratilgan. Senatorlarning fikricha, ushbu Qonun sohani yana-da rivojlantirishga, jismoniy tarbiya va sportga oid munosabatlarni tizimli tashkil etishga xizmat qiladi.
Senatorlar mazkur Qonunni maʼqulladi.









