Transport-logistika markazlari faoliyatini va tranzit yo‘laklarini rivojlantirish tartibi belgilandi
2025-10-23 14:00:00 / Yangiliklar

Qaror bilan Transport-logistika markazlarini zamonaviy texnika va uskunalar bilan jihozlashga doir namunaviy talablar (namunaviy talablar), transport-logistika markazlari reytingini hisoblash va yuritish tartibi to‘g‘risidagi nizom, O‘zbekiston Respublikasi hududi bo‘ylab avtomobil (138 ta) va temir yo‘l (77 ta) transportida tranzit harakatlanish uchun mo‘ljallangan yo‘laklarning ro‘yxati tasdiqlandi.
Qaror ijrosini ta’minlash orqali respublikadagi transport-logistika markazlarini rivojlantirish va zamonaviy uskunalar bilan jihozlash, ularda xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish hamda logistika tizimini raqobatbardosh qilish orqali investorlar uchun jozibador muhit yaratish hamda O‘zbekiston hududi orqali tranzit tashuvlarning samaradorligini oshirishga erishiladi.
E’tiborli tarafi qaror bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari xususiy investitsiyalarni jalb etgan holda transport-logistika markazlarini namunaviy talablar asosida tashkil etilishini ta’minlashi belgilandi.
Shuningdek, namunaviy talablar bilan xalqaro va hududiy transport-logistika markazlari uchun minimal maydon belgilandi, bunda xalqaro transport-logistika markazlari kamida 40 000 m² (4 ga) va hududiy transport-logistika markazlari kamida 30 000 m² (3 ga) bo‘lishi lozimligi belgilandi.
Shuningdek, TLMlarning maydon va infratuzilmaga qo‘yiladigan minimal talablari belgilandi.
Endilikda yurtimizda joylashgan TLMlarning reyestri va reytingi yuritiladi. Reyestrga namunaviy talablarga javob beradigan markazlar kiritiladi va har yili bir marotaba TLMlar reytingi e’lon qilib boriladi.
2025-yil 1-dekabrga qadar mavjud TLMlar xatlovdan o‘tkaziladi va ularning reyestri shakllantiriladi, namunaviy talablarga javob beradigan xalqaro transport-logistika markazlarini Birlashgan Millatlar Tashkilotining Osiyo va Tinch okean iqtisodiy va ijtimoiy komissiyasining “Quruqlik portlari” to‘g‘risidagi hukumatlararo bitimi ro‘yxatiga qo‘shish choralari ko‘riladi.
Transport-logistika markazlarini xalqaro quruqlik portlari ro‘yxatiga qo‘shish va quruqlik porti maqomini berish orqali respublikamizning transport-logistika markazlarini xalqaro darajada tan olinishiga erishiladi.
Transport-logistika markazlari uchun namunaviy talablarning belgilanishi respublikada ularning huquqiy maqomi aniqlanishini ta’minlab berdi. Namunaviy talablardan foydalanish orqali endilikda transport-logistika markazi, terminal va ombor kabi bir biriga faoliyati jihatidan yaqin bo‘lgan terminlar o‘rtasidagi farqlarni aniqlash imkoniyati yaratildi.
Ma’lumot uchun:
Qaror bilan Vazirlar Mahkamasining ayrim hujjatlari o‘z kuchini yo‘qotgan deb topildi, jumladan 2011-yil 9-dekabrdagi 323-son, 2018-yil 30-iyundagi 492-son va 2018-yil 15-dekabrdagi 1022-son qarorlariga tegishli bandlar.
