O‘zbekistonning ilk uchuvchi talabalar guruhi o‘qishni davom ettirish uchun Koreya aerokosmik universitetiga yuborildi
2025-09-02 11:00:00 / Yangiliklar

Mazkur dastur 2023-yilda Transport vazirligi tashabbusi bilan tashkil etilgan bo‘lib, zamonaviy talablar asosida xorijiy tajribaga asoslangan holda uchuvchilik bo‘yicha O‘zbekiston milliy kadrlari zaxirasini yaratishga qaratilgan.
Parvoz ekspluatatsiyasi yo‘nalishida uchuvchilik bo‘yicha 1-kurs bilimlarini Toshkent davlat transport universitetida olgan ushbu talabalar 2 hamda 3-kurslarda tahsil olishni Koreya aerokosmik universitetida davom ettirib, nazariy bilimlarga qo‘shimcha ravishda parvoz amaliyotlarini boshlashadi.
Talabalarga Koreya aerokosmik universiteti professor-o‘qituvchilari bilan bir qatorda “Korean Air” hamda “Asiana Airlines” aviakompaniyalari uchuvchi-instruktorlari tomonidan bilim beriladi. Koreya aerokosmik universiteti “Korean Air” aviakompaniyasi tasarrufida bo‘lib, “Korean Air” va “Asiana Airlines” aviakompaniyalari hamda Koreya Respublikasi Harbiy havo kuchlari uchun uchuvchilar tayyorlash bo‘yicha tayanch oliy bilim yurti hisoblanadi.
Koreya aerokosmik universitetida 3 kursni muvaffaqiyatli bitirgan talabalar O‘zbekistonga qaytib 4 kursda parvoz amaliyotlarini davom ettirishadi. O‘qishni muvaffaqiyatli tugatgan talabalarga uchuvchilik guvohnomasi, Transport universiteti diplomi hamda Koreya aerokosmik universitetlari diplomlari topshiriladi.
Ma’lumot uchun: Koreya aerokosmik universiteti 1952-yilda tashkil etilgan bo‘lib universitetda Koreyalik talabalar bilan bir qatorda AQSh, Xitoy va Tinch okeani havzasi mamlakatlari, Misr, Lotin Amerikasi mamlakatlari hamda Yevropa mamlakatlaridan kelgan talabalar tahsil oladi.
Universitet uchuvchilar tayyorlash bo‘yicha o‘zning Susek, Uljin hamda Jeju-do o‘quv mashq markazlariga ega bo‘lib, ularning har biri o‘zining aerodromlari, 60 dan ortiq simulyatorlari hamda 50 dan ortiq bir va ikki motorli kichik aviatsiya havo kemalari va 5 ta reaktiv dvigatelli havo kemalariga ega.
Universitet nafaqat uchuvchilar, shuningdek, bort kuzatuvchilari, aviatsiya muhandislari, aviatsiya menejmenti, xalqaro aviatsiya huquqi va shu kabi boshqa yo‘nalishlarda hamda mutaxassislarni tayyorlab keladi. Universitet ilm-fan sohasida bir qator yo‘nalishlarda faoliyat yuritish bilan birga ilg‘or texnologiyalar sohasidagi KAI-Korea Aerospace industry, KARI-Korea Aerospace Resesrch institute, Samsung, LG, Hyundai, KIA va shu kabi bir qator yirik kompaniyalarning yangi mahsulotlarini loyihalashtirish va ularga muhandislik yechimlarini berish, Koreya va xorijiy mamlakatlar hududida aeroportlar, kosmodromlar, ular atrofidagi shahar infratuzilmasi, yo‘l va ko‘priklar qurilishini loyihalashtirish va ularga muhandislik yechimlarini berish bilan ham shug‘ullanib keladi.



