Transport vaziri "Incheon International Airport" xalqaro korporatsiyasi prezidenti bilan muzokara o‘tkazdi
2025-04-29 18:00:00 / Yangiliklar

Incheon International Airport Corporation Urganch xalqaro aeroportini davlat-xususiy sheriklik (DXSh) asosida modernizatsiya qilish va uni boshqaruvga olish loyihasini amalga oshirish uchun o‘tkazilgan tenderning g‘olibi bo‘ldi.
Ta’kidlash joizki, mazkur DXSh loyihasi aeroportni modernizatsiya qilish va boshqarish loyihasini birgalikda amalga oshirishni nazarda tutadi. Xususiy sherik yo‘lovchi va yuk terminallarini qurish va boshqarish, shu jumladan yerda xizmat ko‘rsatish ishlarini amalga oshiradi. Davlat sherigi aerodrom majmuasini qurish va boshqarish (uchish-qo‘nish yo‘lagi, perron) uchun javobgarlikni o‘ziga oladi.
I. Maxkamov Janubiy Koreya korporatsiyasining aeroportlarni rivojlantirish va boshqarish sohasidagi boy tajribasiga asoslanib, mintaqaning iqtisodiy farovonligini oshirish va sayyohlik salohiyatini yuksaltirish maqsadida ushbu loyihani tezroq amalga oshirish muhimligini ta’kidladi.
Xag Chje Li Koreya tomoni O‘zbekiston bilan transport sohasida qo‘shma infratuzilma loyihalarini amalga oshirishga katta qiziqish bildirayotganini ta’kidlab, korporatsiyaning Toshkent shahri va O‘zbekistonning boshqa hududlaridagi aeroportlarni rivojlantirishda ishtirok etishidan manfaatdorligini bildirdi.


