“Iqtidorli yosh transportchilar – 2026” pilot loyihasi
2026-06-22 16:00:00 / Yangiliklar

Mazkur loyiha doirasida Transport vazirining 2026-yil 13-maydagi “Toshkent davlat transport universitetining iqtidorli talabalarini saralash va karyera modeli asosida rivojlantirish tizimini yaratish to‘g‘risida”gi 81-son buyrug‘i tasdiqlandi.
Buyruq ijrosini ta’minlash maqsadida universitetning bakalavriat va magistratura bosqichlarini tamomlayotgan talabalar orasidan eng iqtidorli, tashabbuskor va zamonaviy fikrlaydigan yoshlarni aniqlashga qaratilgan ko‘p bosqichli tanlov tashkil etildi.
Tanlov jarayonlarida nomzodlarning kasbiy bilimlari, tahliliy fikrlash qobiliyati, xorijiy tillarni bilish darajasi, shuningdek, rahbarlik va muloqot ko‘nikmalari kompleks baholandi.
Jumladan, tanlovning birinchi bosqichida 300 ga yaqin nomzodlar orasidan diplom balining o‘rtacha ko‘rsatkichi yuqori bo‘lgan hamda xorijiy tilni bilish darajasini tasdiqlovchi sertifikatlarga ega 66 nafar nomzodlar saralab olindi.
Loyihaning navbatdagi bosqichida esa O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Boshqaruv samaradorligi agentligi bilan hamkorlikda ishtirokchilarning bilim darajasi va intellektual salohiyatini baholash maqsadida davlat xizmatchilarini sinovdan o‘tkazishning maxsus moduli asosida test sinovlari tashkil etildi. Mazkur sinovlar natijalariga ko‘ra, keyingi bosqichlarda ishtirok etadigan 28 nafar nomzodlar saralab olindi.
“Iqtidorli yosh transportchilar – 2026” pilot loyihasi transport sohasi uchun yuqori malakali, zamonaviy dunyoqarashga ega hamda kelgusida soha rivojiga munosib hissa qo‘shishga qodir yosh mutaxassislarni tayyorlashga xizmat qiladi.
Loyihaning keyingi bosqichlarida nomzodlarning amaliy ko‘nikmalari va liderlik salohiyatini baholashga qaratilgan tadbirlar tashkil etilishi rejalashtirilgan.




