Toshkent davlat transport universiteti talabalari uchun Changan universiteti tomonidan grantlar ajratildi
2026-06-22 11:00:00 / Yangiliklar

Uchrashuvda Toshkent davlat transport universiteti tomonidan xalqaro hamkorlik bo‘yicha prorektor, professor Bahodir To‘rayev, Chang‘an universiteti tomonidan esa Xalqaro ta’lim maktabi dekani professor Zhang Wei boshchiligidagi delegatsiya ishtirok etdi.
Muloqot davomida tomonlar o‘rtasida amalga oshirilayotgan hamkorlik natijalari sarhisob qilinib, qo‘shma ta’lim dasturlari, akademik mobillik, ilmiy-tadqiqot faoliyati hamda yuqori malakali kadrlar tayyorlash yo‘nalishlarida hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunlariga ko‘ra, Chang‘an universiteti tomonidan Toshkent davlat transport universiteti talabalari uchun quyidagi grant o‘rinlari ajratilishi ma’lum qilindi:
Bakalavriat bosqichi (4 ta ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha) – 100 nafar talaba uchun:
Kontrakt to‘lovining 50 foizi universitet granti asosida qoplanadi;
Talabalar turar joyi xarajatlari to‘liq qoplanadi;
Har oy 1000 yuan (taxminan 150 AQSH dollari) stipendiya ajratiladi.
Magistratura bosqichi (ijtimoiy-iqtisodiy hamda muhandislik-texnik yo‘nalishlar bo‘yicha) – 30 nafar talaba uchun:
100 foiz grant;
Har oy 2000 yuan (taxminan 295 AQSH dollari) stipendiya.
PhD (doktorantura) bosqichi (barcha yo‘nalishlar bo‘yicha) – 10 nafar nomzod uchun:
100 foiz grant;
Har oy 3000 yuan (taxminan 440 AQSH dollari) stipendiya.
Shuningdek, uchrashuv davomida Xitoy tilini o‘qitish, til kurslarini tashkil etish hamda universitetimizda yangi til dasturlarini joriy etish istiqbollari ham muhokama qilindi.
Grant dasturiga hujjat topshirishning so‘nggi muddati: 2026-yil 30-iyul.
Mazkur grant dasturi ikki universitet o‘rtasida olib borilayotgan samarali xalqaro hamkorlikning amaliy natijasi bo‘lib, talaba-yoshlar uchun xalqaro ta’lim olish va ilmiy salohiyatini rivojlantirish borasida yangi imkoniyatlarni yaratadi.
Ma’lumot uchun: 2025-yilda Samarqand shahrida o‘tkazilgan O‘zbekiston–Xitoy hududlararo ta’lim va transport-logistika hamkorligi forumlari doirasida Toshkent davlat transport universiteti hamda Shaanxi provinsiyasi hamkorlari bilan birgalikda, provinsiya gubernatori ishtirokida “O‘zbekiston–Xitoy transport va logistika fakulteti” tashkil etilgan edi.
Mazkur hamkorlik doirasida bugungi kunda universitetning 15 nafar magistranti Chang‘an universitetida grant asosida tahsil olib, birinchi o‘quv yilini muvaffaqiyatli yakunladi. Yangi grant dasturlari esa strategik hamkorlikni yanada mustahkamlash hamda transport sohasi uchun xalqaro darajadagi mutaxassislar tayyorlashga xizmat qiladi.



