O‘zbekiston va Buyuk Britaniya transport sohasidagi hamkorlikni rivojlantiradi
2026-06-19 17:00:00 / Yangiliklar

Buyuk Britaniyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Timoti Smart hamda UKEF Eksportni moliyalashtirish agentligi vakillari ishtirokida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda transport sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama etildi.
Uchrashuvda transport vaziri I.Maxkamov O‘zbekiston Buyuk Britaniya bilan transport sohasidagi hamkorlik muloqotini yanada rivojlantirish va qo‘shma loyihalarni amalga oshirishdan manfaatdor ekanligini alohida ta’kidlab o‘tdi.
Xususan, transport infratuzilmasi loyihalarida Britaniya kompaniyalari va xalqaro moliya institutlarining ishtirokini ta’minlash, investitsiyalar va texnologiyalarini, shuningdek, britaniyalik mutaxassislarning ekspert tajribasini jalb etish amaliy ahamiyatga ega ekanligi qayd etildi.
Uchrashuvda xorijiy tomon vakillari O‘zbekistondagi transport infratuzilma loyihalarida, jumladan, Toshkent – Samarqand yangi temir yo‘li hamda aeroportlar va aeroport infratuzilmasi sohasidagi loyihalarda ishtirok etishga katta qiziqish bildirayotganini ma’lum qildi.
O‘z navbatida vazir I.Mahkamov avtomobil yo‘llari, Toshkent – Samarqand temir yo‘lini qurish sohasidagi asosiy loyihalar bo‘yicha texnik hujjatlar allaqachon shakllantirilganini bildirdi.
O‘zbekiston tomoni UKEF agentligiga Britaniya tomonini mazkur loyihalarni moliyalashtirishga jalb qilish imkoniyatlarini o‘rganish uchun ularni taqdim etishga tayyorligini ma’lum qildi.
Muzokaralar davomida J.Stokvud ikki mamlakat transport idoralari bilan hamkorlik aloqalarini rivojlantirish, o‘zaro hamkorlikdagi qo‘shma loyihalar ko‘lamini kengaytirish maqsadida Transport vaziri I.Mahkamov boshchiligida O‘zbekiston transport sohasi rahbarlari delegatsiyasining Buyuk Britaniyaga amaliy tashrifini tashkil etishni taklif qildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar O‘zbekiston va Buyuk Britaniya o‘rtasida transport sohasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish, mavjud tashabbuslarni jadallashtirish hamda yangi qo‘shma loyihalarni ishlab chiqish bo‘yicha amaliy muloqotni muntazam davom ettirishga kelishdi.





