Xalq artistlari endi aeroportlar va temir yo‘l vokzallaridagi VIP zallardan bepul foydalanadi
2026-06-15 18:00:00 / Yangiliklar

Farmonga muvofiq, soha vakillarining ijtimoiy ta’minotini yanada mustahkamlash maqsadida, bir qator imtiyozlar belgilangan. Shulardan biri, davlat mukofotlari bilan taqdirlangan bir qator shaxslarga respublika hududidagi aeroportlar va temir yo‘l vokzallaridagi VIP zallardan bepul foydalanish huquqi berildi.
15-iyundan boshlab, mazkur imtiyoz “O‘zbekiston Qahramoni” unvoni sohiblari, “O‘zbekiston Respublikasi san’at arbobi”, “O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi”, “O‘zbekiston iftixori”, “O‘zbekiston Respublikasi xalq artisti”, “O‘zbekiston Respublikasi xalq baxshisi”, “O‘zbekiston Respublikasi xalq yozuvchisi”, “O‘zbekiston Respublikasi xalq rassomi”, “O‘zbekiston Respublikasi xalq ustasi”, “O‘zbekiston Respublikasi xalq shoiri”, “O‘zbekiston Respublikasi xalq o‘qituvchisi” hamda “O‘zbekiston Respublikasi xalq hofizi” faxriy unvonlari sohiblariga tatbiq etiladi.
Bugun ushbu imtiyozdan ilk bor davlat mukofotlari sohiblari bo‘lgan O‘zbekiston xalq artistlari Toshkent aeroporti hamda Toshkent markaziy temir yo‘l vokzalidagi VIP zallar xizmatlaridan bepul foydalandilar.
Mazkur yangilik mamlakatimizda madaniyat va san’at ahliga qaratilayotgan yuksak e’tibor, ularning ko‘p yillik samarali mehnati va ijodiy faoliyatiga bildirilayotgan hurmatning yana bir amaliy ifodasi bo‘ldi.







