Belarus Respublikasi bilan transport-logistika sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi
2026-05-14 16:05:00 / Yangiliklar

Muloqot davomida ikki mamlakat o‘rtasida transport-logistika sohasidagi hamkorlikni kengaytirish, yuk tashuvlarni rivojlantirish hamda yangi transport yo‘laklarini shakllantirish masalalari muhokama qilindi.
Xususan, Belarus – O‘zbekiston yo‘nalishida eksport yuk tashuvlarini rivojlantirish, "Bremino Group" poyezdlarini tashkil etish va ixtisoslashtirilgan logistika yechimlarini joriy etish yuzasidan fikr almashildi. Xorijiy tomon kompaniya har oyda 40 dan ortiq poyezdni Xitoy yo‘nalishiga yuborayotgani kompaniyaning yuqori logistika salohiyatini namoyon etishini ta’kidladi.
Shuningdek, avtomobil tashuvlari sohasidagi hamkorlik istiqbollari, tegishli tashkilotlar o‘rtasidagi aloqalarni rivojlantirish hamda mahalliy eksportyorlar ehtiyojlaridan kelib chiqib yangi loyihalarni bosqichma-bosqich amalga oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar mavjud logistika infratuzilmasini joyida o‘rganish, terminallar va portlar faoliyati bilan tanishish hamda istiqbolli hamkorlik yo‘nalishlari bo‘yicha muloqotni davom ettirishga kelishib oldi.



