Transport vaziri o‘rinbosari OIIB vitse-prezidenti bilan uchrashdi
2026-05-08 16:00:00 / Yangiliklar

Uchrashuvda Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi raisi J.Tursunov, “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ raisi birinchi o‘rinbosari X.Raxmetov hamda “Uzbekistan Airports” vakillari ishtirok etdi.
Muzokaralar davomida mamlakatimiz transport infratuzilmasini rivojlantirish borasida bank moliyaviy ko‘magida amalga oshirilayotgan loyihalar va istiqboldagi hamkorlik yo‘nalishlari muhokama etildi.
Xususan, ayni damda Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki ishtirokida A380 “G‘uzor – Buxoro – Nukus – Beyneu” avtomobil yo‘lining 150 — 228-km (78 km) qismi rekonstruksiya qilinmoqda.Yo‘l infratuzilmasini rivojlantirish doirasidagi hamkorlikni yana boshqa bir nechta yirik loyihalarda davom ettirish ikki tomonlama uchrashuvning bosh maqsadi bo‘ldi.
Jumladan, Respublikamizning Xorazm viloyatida (188 km), Qoraqalpog‘iston Respublikasida (328 km), Buxoro viloyatida (158 km) umumiy foydalanuvdagi avtomobil yo‘llarini rekonstruksiya qilish loyihalari bo‘yicha istiqbolli loyihalar muhokama qilindi.
Shuningdek, tomonlar temir yo‘l transporti sohasidagi hamkorlik masalalariga ham alohida to‘xtaldi. Xususan, OIIB temir yo‘l liniyalarini elektrlashtirish, shuningdek, Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston temir yo‘li bo‘ylab logistika markazlari va quruq portlar qurilishi loyihalarida ishtirok etishga qiziqish bildirdi.
Bundan tashqari, Konstantin Limitovskiy OIIBning yangi Toshkent va Buxoro aeroportlarini qurish loyihalarida ishtirok etish rejalari haqida ma’lum qildi.
Ma’lumot uchun: Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki (OIIB) — Osiyo-Tinch okeani mintaqasida infratuzilma loyihalarini moliyalashtirish va iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish maqsadida tashkil etilgan xalqaro moliyaviy institut hisoblanadi.


